Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan joriy etilgan “Biznes-maxsus maktab” hamkorlik modeli asosida Qarshi shahridagi 33-sonli alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan aqli zaif bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabda o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘rgatish ishlari samarali tashkil etilmoqda.
Mazkur maktabda bugungi kunda bozor talabiga mos bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Smola ART” loyihasi faoliyat yuritmoqda. Ushbu loyiha doirasida smola va gipsdan turli dekorativ buyumlar hamda suvenirlar tayyorlanib, 15 nafar o‘quvchi usta-dekoratorlik kasbining amaliy sir-asrorlarini o‘rganmoqda.


Mutaxassislar rahbarligida o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar o‘quvchilarda mehnat ko‘nikmalarini shakllantirish, ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish va mustaqil faoliyat yuritishga tayyorlashga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, ushbu tashabbus bolalarning kelgusida mehnat bozorida o‘z o‘rinlarini topishlari va jamiyatda faol ishtirok etishlari uchun mustahkam zamin yaratmoqda.


Aytish joizki, bunday loyihalar “Maktabdan kasb va tilni bilib chiqqan bola – jamiyatimizning katta yutug‘i” degan g‘oyaning amaliy ifodasidir.
O‘lmas Barotov, O‘zA