Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qarshida afg‘on urushi qatnashchilari va harbiy faxriylar xotirasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
12:18 / 2026-02-18

O‘zbekiston Veteran jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi tashkil topganligining 32 yilligi munosabati bilan Qarshi shahrida xotira va e’tirof tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir viloyat hokimligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug vakillari hamda jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etildi. Tadbir dastlab Qarshi shahridagi Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar va gullar qo‘yish marosimi bilan boshlandi. Unda Vatan tinchligi va mustaqilligi yo‘lida jonini fido qilgan, jumladan, Afg‘oniston urushida halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz xotirasi yodga olinib, ularning jasorati va fidokorona xizmatlariga chuqur hurmat izhor etildi.

Tadbirning keyingi qismida faxriy harbiylar va afg‘on urushi qatnashchilarining mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlash, yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi xizmatlari alohida ta’kidlandi. Shuningdek, ularga davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik xususida so‘z yuritildi.

Tadbir yakunida faol faxriylar va afg‘on urushi qatnashchilariga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Bayram dasturxoni atrofida davom etgan samimiy muloqotlarda o‘tgan yillar xotiralari yodga olinib, tinchlik va osoyishtalikning beqiyos qadr-qimmati yana bir bor e’tirof etildi.

Umuman olganda, mazkur tadbir o‘tganlarni yod etish, bugungi tinch va farovon hayotimiz qadriga yetish, shuningdek, yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri