Qarshida 35 metrlik yangi yil archasi qad rostladi
Yangi yilni barchamiz intiqliq bilan kutamiz. Ayniqsa bolajonlarning ushbu bayram bilan bog‘liq taassurotlari o‘zgacha. Ular xayolan Qorbobo va Qorqizdan sovg‘alar kutib, olam-olam orzular qilishadi. Bayram shukuhi butun hududlar bo‘ylab tarqaladi. Qayerga qaramang bayramona bezatilgan archa, turfa xil chiroqlar yog‘dusi.
Qashqadaryo viloyatida ham yangi yil bayramiga ko‘tarinki ruhda tayyorgarlik qilinmoqda. Xususan, viloyat markazi Qarshi shahrining 3 ta joyida asosiy archalar qad rostladi. Ular viloyat musiqali drama teatri, Odina masjidi va Qarshi temiryo‘l vokzali yonida o‘rnatildi.
Bayram arafasida voha ahliga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida ushbu manzillarda bayram tadbirlari, ko‘ngilochar dastur va chiqishlarga start beriladi.
Shuningdek, viloyatning barcha tuman va shahar markazlarida ham shu kabi bayram archalari o‘rnatilgan bo‘lib, aholi uchun xizmat qilishni boshladi.
O‘.BAROTOV, J.NORQOBILOV (surat), O‘zA