Qarshi xalqaro aeroportida 300 nafardan ziyod xodim faoliyat yuritadi. Bugun aeroport ishchi-xodimlarining bolalari va aeroportga yaqin mahallalarda yashovchi aholining farzandlari uchun teatrlashtirilgan bayram dasturi namoyish etildi.
– Aeroportimiz jamoasi o‘rtasida o‘zaro sog‘lom muhitni yaratish, ishchi xodimlar va ularning oila a’zolarining huquq va manfaatlarini ta’minlash ustuvor vazifamizga aylangan, – deydi Qarshi xalqaro aeroporti kasaba uyushmasi raisi Jasurjon Rahmonov. – Bugun ularning va tashkilotimizga yondosh mahallalarda yashovchi aholining farzandlari uchun ishxonamizda Yangi yil bayrami shodiyonalarini tashkil etdik. Bu yerda viloyat qo‘g‘irchoq teatri aktyorlari tomonidan sahnalashtirilgan tomoshalar uyushtirildi. Bolajonlarga turli shirinliklar ulashdik. Sovg‘alar berdik. Qolaversa, ularning ota-onalari nima bilan shug‘ullanadi? Ish faoliyati nimadan iborat? Ana shularni bilishlari uchun aeroport bo‘ylab sayohat tashkil etdik.


Bayramlar orasida Yangi yilni xalqimiz o‘zgacha ko‘tarinkilik va tayyorgarlik bilan kutib oladi. Ayniqsa, bolajonlarning zavq hamda hayajoni kattalarga ham shavq bag‘ishlaydi. Bolalik xotiralarining ziynati ham aslida shu bayramdir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
– Bolalarimiz bugun maza qilib teatrlashtirilgan Yangi yil bayramini tomosha qildi. Ertak qahramonlari, Qorbobo va qorqizning chiqishlari, ular tomonidan uyushtirilgan viktorinalar, savol-javob va turli qiziqarli o‘yinlar bolajonlarga haqiqiy bayram kayfiyatini ulashdi, – deydi Inobat Farmonova. – Bu e’tibordan juda sevindik. Bolalari baxtiyor mamlakatda yashashning gashti baribir o‘zgacha.


Ayniqsa, bayram dasturi davomida bolajonlarning aeroport bo‘ylab sayohati ularda katta taassurot qoldirdi.
Darhaqiqat, Yangi yil bayrami arafasida turli ma’naviy-ma’rifiy, ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda. Bugun Qarshi xalqaro aeroportida bo‘lib o‘tgan shodiyona ham yurtimiz tinchligi, xalqimizning bolaparvarligi namunasidir.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri