Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qarshi xalqaro aeroportida “tax free” tizimi joriy etildi
11:24 / 2024-01-05

2023 yil 1 yanvardan boshlab chet davlat fuqarolariga ular tomonidan O‘zbekiston hududidagi chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlardan ayrim turdagi tovarlarni sotib olishda to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qaytarish – “tax free” tizimi joriy etilgan edi.

Qarshi xalqaro aeroportida ushbu pul mablag‘larini qaytarishni rasmiylashtirish jarayonlari bilan shug‘ullanuvchi “Soliq servis” davlat unitar korxonasining servis shoxobchasi ish boshladi.

Ochilish marosimida Soliq qo‘mitasi huzuridagi “Soliq servis” davlat unitar korxonasi, viloyat soliq boshqarmasi va Qarshi xalqaro aeroporti mas’ullari ishtirok etdi.

“Tax free”  respublikaning barcha hududlaridagi chakana savdo ob’ektlarida Vazirlar Mahkamasining “Chet davlat fuqarolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketishda avval xarid qilingan tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatga kiritilgan tovarlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Buning uchun chet davlat fuqarosi “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tishi va xaridlari bo‘yicha taqdim etilgan onlayn nazorat kassa texnikasi fiskal cheklarini skanerlashi kerak.

“Tax free” summasini hisoblash, uni chet davlat fuqarosining bank plastik kartasiga yoki bank hisob varag‘iga o‘tkazib berish tizim operatori “Soliq-servis” davlat unitar korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.  

Ma’lumot uchun: “Tax free” summasi chet davlat fuqarosining respublika hududidan chiqib ketish holati tasdiqlangandan so‘ng, xarid amalga oshirilgan oydan keyingi oyning 25-kunidan keyin qaytariladi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri