Qashqadaryo viloyatining yam-yashil qir-adirlar o‘rab turadigan Qarshi tumanida ham “Assalom, Navro‘z yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi” shiori ostida Navro‘z bayrami tantanalari har yilgidanda o‘zgacha nishonlandi.
Bayram avvalida tuman hokimi Behzod Yusupov tuman aholisini Navro‘z bayrami balan qutladi.
Hilol mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Kerayit qishlog‘i adirliklarida tashkil etilgan chin ma’noda milliylikka yo‘g‘rilgan bayram tadbiri barchaga xushkayfiyat bag‘ishladi. Bir tomonda milliy taomlar ko‘rgazmasi, boshqa tomonda milliy qo‘shiqlar, urf-odatlar namoyishi.
Qarshi tumanida faoliyat yuritib kelayotgan bir qator xalqaro festivallar sovrindori “Momogul” folklor ansambli ham milliy kuy-qo‘shiqlari bilan ishtirokchilarni xuo‘nud etdi. Darhaqiqat, bu kabi laparlarda xalqimizning o‘ziga xos urf-odatlari, an’analari, bir so‘z bilan aytganda tarixi aks etadi.
Bayram tantanalarida har yilgidan farqli o‘laroq tumandagi barcha mahallalar o‘zlari uchun ajratilgan burchaklarda milliy taomlar ko‘rgazmasini namoyish etdi. Taomlarning xilma xilligini ko‘rib, xalqimizning nafaqat boy tarixi va urf-odatlari balki xilma-xil milliy taomlari borligiga ham guvoh bo‘lasiz. Sumalak, halim, yupqa, g‘ilmindi, ko‘k somsa, qat-qat patir, qatlama, ismaloq pechak kabi taomlarni tatib ko‘rgan kishi borki, o‘zbek ayollarning oshpazlik mahoratiga tasanno aytadi.
– Bugun barcha mahalladoshlarimizning yuzlarida mamnunlik, – deydi “Hilol” mahalla fuqarolar yig‘ini faoli O‘g‘iloy Eshonqulova. – Boisi tumanimizning Navro‘z tantanalari mana shunday keng miqyosda nishonlanmoqda. Atrofga e’tibor qiling hamma yoq yam-yashil. Bu bahorning barokatli kelayotganidan, rizq-ro‘zimiz mo‘l-ko‘l bo‘lishidan darak.
Albatta yurtimizning qaysi bir bayram shodiyonasi bo‘lmasin, kuy-qo‘shiqsiz o‘tmaydi. Bugun ham shunday bo‘ldi. Namoyish etilgan teatrlashtirilgan badiiy dastur va el suygan san’atkorlarning chiqishlari tuman aholisiga olam-olam zavq bag‘ishladi.
Azal-azaldan Navro‘z bayramini milliy o‘yinlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Muhimi shundaki, bu o‘yinlarning hech biri shunchaki ermak yoki vaqt o‘tkazish uchun o‘ylab topilmagan. Ular o‘g‘il-qizlarning jismonan va ruhan sog‘lom, chidamli bo‘lib o‘sishlariga yordam beradi. Keng adirlik bo‘ylab yoyilgan bayram saylida dorbozlik o‘yinlari va ko‘pkari musobaqalari alohida ahamiyat kasb etdi.
Tashkil etilgan bayram tantanalarida xorijlik mehmonlar ham ishtirok etdi.
– Rosti, ushbu bayram tantanasi menda katta taassurot qoldirdi, – deydi ispaniyalik mehmon Santiyago de Kastro Alfageme. – Ispaniyada ham shu kabi milliy bayramlar ko‘p. Ahamiyatli tomoni bayramlaringizda xalqingizning tarixi, urf-odatlari aks etgan va bugungi kunga qadar o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Odamlarning kayfiyati a’lo darajada.
Darhaqiqat, uch ming yildan ziyod tarixga ega bo‘lgan Navro‘zi olam – sharqona yangi yil, bahor nafasini boshlab kelishi, xalqimizning tabiati, ongu tafakkuri, qalbiga chuqur singib ketgani, har qaysi oila, har qaysi xonadonga xursandchilik olib kirishi bilan biz uchun qadrli bayram, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mana shunday ko‘tarinki shukuhda boshlangan Navro‘z bayrami tantanalari butun viloyat, mahalla va olis qishloqlar bo‘ylab davom etmoqda.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.