Qarshi shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
Yig‘ilishda viloyat yoshlari bilan ishlash masalasi ham muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda viloyatda yangi paydo bo‘lgan elektrotexnika, oziq-ovqat va qurilish materiallari kabi sohalar uchun kadrlar tayyorlash yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, Qarshi shahridan tashqari boshqa birorta tumanda IT markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan. Vaholanki, 60 ta kollejda bo‘sh turgan 28 ming kvadrat metr maydonda ham ishlab chiqarish, ham amaliy ta’limni yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi.
Ana shunday bo‘sh turgan bino negizida kitoblik tadbirkor IT klaster va universitet ochish tashabbusi bilan chiqqan. Prezident bu taklifni ma’qulladi.
Viloyat va tuman hokimlariga har bir tumandagi ish beruvchilarning o‘rta bo‘g‘in mutaxassislariga ehtiyojini aniqlash, kollej va texnikumlar yil davomida qaysi kasb bo‘yicha nechta mutaxassis tayyorlashi lozimligini belgilab berish hamda ta’lim muassasalarida ish beruvchilarning amaliy ustaxonasi va sexlarini ochish topshirildi.
O‘zA