English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qarshi shahridagi umumta’lim maktabida 7 oydan buyon elektr toki yo‘q. Mas’ullar bunga nega befarq?
16:38 / 2021-11-11

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda qo‘yilgan Qarshi shahridagi Ravoq mahallasidagi40-umumta’lim maktabida joriy yilning mart oyidan buyon elektr energiyasi yo‘qligi haqidagi postni o‘qib, ishonib ishonmay aytilgan manzilga bordik. Ahvol biz o‘ylagandanda achinarli ekan. Ochig‘i, viloyatning markazi Qarshi shahrida shunday maktabning borligiga hayron qoldik.

Maktab jamoasining ta’kidlashicha, ushbu ta’lim muassasasida haqiqatdan ham joriy yilning mart oyidan buyon elektr toki yo‘q. Shu sabab o‘quvchilar maktabdagi moddiy texnik bazadan umuman foydalana olmaydi. Axborot texnologiyalari tobora rivojlanib borayotgan bir paytda mazkur maktabda o‘quvchilar informatika darsida nazariy ma’lumotlar olish bilangina cheklanmoqda. Informatika o‘qituvchisining aytishicha, kompyuter xonasi elektr toki bo‘lgan paytlarda ham deyarli ochilmagan.

Fikrlar isboti uchun 9-B sinfda o‘tilayotgan informatika darsini kuzatdik. Chiroqlar o‘chgani bois xonada yorug‘lik haminqadar.  

– Mana shu maktabda 4 yildan buyon ishlayotgan bo‘lsam, biror marta kompyuter xonasida dars o‘tmaganman, – deydi informatika fani o‘qituvchisi Dildora Sattorova. – Buning ustiga 6-7 oydan buyon elektr toki yo‘q. Endi xonani ochsak ham foydalana olmaymiz. Hatto o‘sha xona kalitini berishmaydi ham. Informatika darsini amaliyot bilan bog‘lab o‘tmaslikni tasavvur qila olasizmi. Kompyuter qurilmasi yoki undan foydalaniladigan dasturlar xususida gapirsakda kompyuterning o‘zini ko‘rsatmasak, o‘quvchi qanday foydalanishni bilmasa, kechirasizu axborot asrida yashayotgan bir paytda ushbu holat hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Zamonaviy ta’lim metodlaridan foydalanib dars o‘tishni imkoni yo‘q. Elektr toki yo‘qligi bois Wi-Fi ishlamaydi, kundalik.com dasturidan foydalana olmaymiz. Xullas ko‘rib turganingizdek, o‘quv adabiyotlari orqali o‘quvchilarga nazariy ma’lumotlarni berish bilan cheklanib qolganmiz.  

– Shu maktabga o‘qishni boshlaganimizdan buyon kompyuterni ko‘rmaganmiz. O‘tgan yili elektr toki bor edi. Bu yil u ham yo‘q, – deydi 9B-sinf o‘quvchisi Zulhayo To‘rayeva. – Informatika darslarini faqat nazariy emas, amaliy bo‘lishini istaymiz, lekin afsuski bizning maktabda buning iloji yo‘q. Televizor orqali zamonaviy jihozlangan xonalarda ta’lim olayotgan o‘quvchilarni ko‘rsak havasimiz keladi. Lekin noiloj o‘qiyapmiz, boshqa maktablarga o‘qishga imkonimiz yo‘q. Maktabingizni yangi qurib berishadi, deb necha yildan beri aytiladi. Bizga yangi qurilmasa ham chiroyli qilib ta’mirlab, xonalarimizni issiq qilib berishsa, kompyuter xonalarimizdan bemalol foydalana olsak yetarli edi.  

Xona sovuq. O‘quvchilar qalin qishki kiyimlarga o‘ranib olgan. Eng yomoni maktabning birorta sinfi pol qilinmagan. O‘quvchilar zax betonda o‘qishar ekan. O‘qituvchilarning aytishicha, qish-qirovli kunlarda sinfxonalarning sovuqligi, betonning zaxligidan o‘quvchilar tez-tez kasal bo‘ladi. Qog‘ozda bor, ammo amalda yo‘q kompyuter xonasini qidirib biz ham ovora bo‘ldik. Oxiri qulflangan bitta xonani mana shu informatika xonasi deyishdi. Ammo bir soat o‘tirsakda xona ochilmadi. Xona kaliti kimlardadir ketganini aytib bahona qilishdi. Bizki ochtira olmagan xona o‘quvchilar uchun umuman ochilmasligiga amin bo‘ldik.  Elektr toki masalasini o‘rganayotganimizni kimdir ma’lum qilgan shekilli, tezda bir o‘ram sim ko‘targan elektriklar paydo bo‘ldi. Tasvirga olayotganimizni ko‘rib ulardan biri qattiq asabiylasha boshladi. Keyin bilsak, shoshilinchda u simlarni o‘z hisobidan bozordan sotib olgan ekan.  

[gallery-4620]

Maktab shu qadar muammolar girdobiga cho‘kib ketganki, u yerda nafaqat elektr balki boshqa muammolar ham uzoq yillardan buyon o‘z yechimini kutib yotibdi. Masalan, qaysi sinfga kirmaylik xonalar sovuq. bugungi kunda tuman markazlaridan uzoq bo‘lgan ko‘plab olis qishloq maktablarida ko‘mir bilan bo‘lsada ishlab turgan qozonxonalar, tabiiy gaz yetib kelgan ushbu maktabda ishlamaydi.

Darsi boshlanguncha o‘qituvchilar sovuq zalda kutib o‘tiradi. Dars boshlangach sinfxonaga kiradi. Chunki maktabda o‘qituvchilar xonasi ham yo‘q «O‘qituvchilar xonasi» deya yozilgan taxtacha ilingan xonada esa birorta stul ko‘rmaysiz. Maktab rahbariyati bu holatni o‘quvchilar ko‘pligi bois xona yetishmasligi bilan izohladi. Ammo o‘rganishlarimiz davomida oltitadan ziyod xonalarda qulf osilgan. Jismoniy tarbiya darsidan amaliy mashg‘ulotlarni o‘tish uchun mo‘ljallangan sport zali 2017 yildan buyon mutlaqo ishlamaydi. Bizga berilgan ma’lumotga ko‘ra, qaysidir noma’lum tashkilot tomonidan avariya holatida deya yopilgan va katta qulf osilgan. Shu shu sport zal yopiqligicha, ta’mirlanishini kutib yotibdi.  

– Sport zalidan umuman foydalana olmaymiz, – deydi jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi Yusuf Nurov. – Kun ochiq paytlar tashqarida mashg‘ulot o‘tamiz, sovuq kunlarda sinfxonada nazariy ma’lumot beramiz. Sport zali bo‘yicha bir necha bor yuqori tashkilotlarga murojaat qilganmiz. Ammo ko‘rib turganingizdek yechim yo‘q.  

Bu yarim soat ichida bizga ma’lum bo‘lgan, ko‘zga yaqqol tashlanib turgan muammolar. Hali bizga noma’lumlari qancha ekan bilmadik. Maktabdagi ko‘pchilik o‘qituvchilar muammolarni ro‘y-rost aytishdan andisha qildi. Ismini oshkor qilishni istamagan o‘qituvchilardan birining aytishicha, maktab direktori muammolarni ko‘tarib chiqqan o‘qituvchilar bilan o‘chakishib qolib, uni qattiq jazolar ekan. Bizga intervyu bergan jismoniy tarbiya o‘qituvchisi misolida o‘zimiz buni guvohi bo‘ldik. Qo‘pol so‘zlar bilan haqoratlayotgan paytda xonaga kirib qoldik. Yuqoridagi muammolar yuzasidan maktab direktoridan izoh so‘radik.

– Ushbu maktab 1996 yilda qurilgan bo‘lib, bugungi kunda haqiqatda ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan, – deydi maktab direktori Alisher Ro‘ziyev. – Masalan, sport zal 2017 yilda avariya holatida deb yopilgan. Shundan beri o‘quvchilarimiz foydalana olmaydi. Maktab jihozlarimiz ham yaroqsiz holga kelib qolgan. Bu masalalar bo‘yicha yuqori turuvchi tashkilotlarga bir necha bor murojaat qilganmiz. Ular maktabimizni 2022 yilda dasturga qo‘yilishini aytgan. Elektr masalasiga kelsak, maktabga tok mahalladagi xonadonlar foydalanadigan transformatordan keladi. Joriy yilning bahor oylarida transformatorda qisqa tutashuv yuz bergach maktabning elektr toki o‘chib qoldi. Bu bo‘yicha ham tegishli tashkilotlarga bir necha bor xat bilan chiqqanmiz. Mutaxassislar kelib o‘rganib ketishgan nasib etsa bartaraf etiladi.  

Direktorning javobi shunday bo‘ldi. Lekin haqli savol tug‘iladi. Nahotki, 6-7 oydan buyon birgina elektrdagi nosozlikni aniqlab, bartaraf etishni imkoni bo‘lmasa. Eski bo‘lsada mavjud isitish quvurlarini ta’mirlashni iloji bo‘lmasa.  

Ma’lumot o‘rnida mazkur ta’lim muassasasi 278 o‘ringa mo‘ljallangan. Ayni paytda esa  632 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Ularga 60 nafardan ziyod pedagog ta’lim-tarbiya bermoqda. Ushbu holatga Qarshi shahar xalq ta’limi bo‘limining qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Abbos O‘rinov quyidagicha izoh berdi.  

– Haqiqatdan ham 40-umumta’lim maktabidan Qarshi shahar xalq ta’limi bo‘limiga elektr yo‘qligi bo‘yicha joriy yilning sentyabr oyida murojaat kelib tushgan, lekin 6-7 oy emas, – deydi Abbos O‘rinov. – Bu bo‘yicha o‘rganishlar olib borilgan, yaqin kunlar ichida ushbu muammo to‘liq bartaraf etiladi. Isitish tizimini almashtirib berishni ham rejalashtiryapmiz. Sport zalni esa, ishlatsa bo‘ladi. Shunchaki oqlash-ko‘klash ishlarini amalga oshirish kerak xolos. Kelgusida ushbu muammolar to‘liq bartaraf etiladi. Keyingi yilda maktab dasturga kiritiladi va qo‘shimcha yangi o‘quv binosi va maktabni o‘zi kapital rekonstruksiya qilinadi.

Mas’ullarni so‘zlariga ko‘ra, ushbu holatlar arzimagan muammo, tez kunlarda bartaraf etilar ekan. Ammo qish-qirovli kunlarda maktabning sovuq sinflaridagi betondan bo‘lgan zax pollarda, 3-4 soatlab o‘qiyotgan o‘quvchilarning taqdiriga kim javob beradi. Xulosa o‘zingizdan.

 

O‘lmas Barotov,  

Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA