Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov boshchiligidagi Ishchi guruh a’zolarining kuni kecha viloyatning Qarshi shahridagi «Beglar» mahalla fuqarolar yig‘inida olib borgan o‘rganishlari davomida hududdagi ko‘plab muammolarga amaliy yechim topildi.
Jumladan, mahalladagi 28 ta ko‘chada obodonlashtirish ishlari olib borilib, 2000 dan ortiq daraxtlarga turli shakllar berildi. Hududdan 15 tonnaga yaqin chiqindi mahsulotlari olib chiqib ketildi, 130 ga yaqin xonadon devorlari oqlanib, 230 ta xonadon tomorqa yerlariga ekin ekilishiga ko‘maklashildi.
Mahallada joylashgan 5 ta ko‘p qavatli uylar atrofi tartibga keltirilib, 42 ta xonadon, xususan, Shoniyoz Qurbonov, Mehriniso Ahmedova, Matluba Majidova, Davron Rajabov kabi ko‘plab ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning turar-joylari ta’mirlab berildi. "Guliston" va "Sardoba" ko‘chalari atrofida obodonlashtirish ishlari olib borilib, tartibga keltirildi.
Hududdagi ixtisoslashgan madaniyat maktabi hamda 7-umumta’lim maktabidagi bo‘sh yer maydonlariga ishlov berilib, turli ko‘chatlar ekishga ko‘maklashildi.
Mahallada yashovchi, «Temir daftar» va «Ayollar daftari»ga kiritilgan ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga turli ijtimoiy yordamlar ko‘rsatildi. Xususan, «Ayollar daftari»ga kiritilgan 2 nafar xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitishga yo‘naltirildi. 1 nafariga huquqiy, 4 nafariga moddiy yordam berilib, 8 nafariga tikuv mashinasi, 4 nafariga mikroto‘lqinli pech taqdim etildi.
Shuningdek, «Yoshlar daftari»ga kiritilgan 7 ta yoshlar bandligi ta’minlangan bo‘lsa, 1 nafariga moddiy yordam ko‘rsatildi. 10 ga yaqin yoshlarning kredit olib tadbirkorlik faoliyatini boshlash bo‘yicha bildirgan takliflari qo‘llab-quvvatlanib, ularga zarur ko‘mak berish bo‘yicha shahar mas’ullariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Turli aholi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda bildirilgan qator takliflar asosida "Sardoba" ko‘chasida yashovchi Q.Rahimov, B.Safarov, Kim Olga, Elobod ko‘chasida yashovchi O.Xakimov, Sh.Yagmurov, Balandnov ko‘chasida yashovchi Z.Muhammadiyevalarning toza ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolari shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi.
"Guliston" ko‘chasida yashovchi Go‘zal Bozorova, Dilshod Amanov, Hurbuvi Turdiyeva, Sanjar Bozorov,Tojigul Bozorova, Zulayho Usmonova, Abdulaziz Qurbonov, Lutfiya Haitova, Mahkam Saidova, "Orzu" ko‘chasida yashovchi Gulnora Bozorova, Marziya Ismoilova, "Darvozaguzar" ko‘chasida yashovchi Runiza Shodiyeva hamda "Balanov" ko‘chasida yashovchi Guljahon Pardayevalarning murojaatlari o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqildi hamda ularda bildirilgan muammolarni tez fursatda hal etish choralari belgilab olindi.
Vazir R.Mamatovning «Beglar» mahallasiga tashrifi davomida Ochiloy Yuldoshevaning o‘g‘li Ulug‘bek Berdiyevni jamoatchilik asosida ish bilan ta’minlash bo‘yicha qilgan murojaatiga shu kunning o‘zida ijobiy yechim topildi. A.Temur ko‘chasida joylashgan 134-yotoqxonada istiqomat qiluvchi «Ayollar daftari»ga kiritilgan Gulchehra Nazarovaga o‘z murojaatiga muvofiq ravishda zamonaviy tikuv mashinasi sovg‘a qilindi.
Bir so‘z bilan aytganda, hududdagi barcha fuqarolarning murojaatlariga imkon qadar to‘la yechim topish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirildi. Eng muhimi, ko‘rilayotgan choralar natijasi o‘laroq aholining bugungi kunidan rozi bo‘lib yashashi uchun ularning hayotida qandaydir o‘zgarish yasash imkoniyati yaratilmoqda.