Qarshi shahrida yugurish boʻyicha marafon tashkil etildi
Vatanparvarlik oyligi doirasida Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri koʻchalari boʻylab Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi va Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkorligida yugurish boʻyicha marafon oʻtkazildi.
Vatanparvarlik oyligi doirasida Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri koʻchalari boʻylab Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi va Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkorligida yugurish boʻyicha marafon oʻtkazildi.Minglab yoshlar ishtirok etgan marafon Qarshi ixtisoslashtirilgan sport maktabidan boshlanib, Alisher Navoiy nomidagi istirohat bogʻida joylashgan amfiteatr roʻparasigacha boʻlgan masofada yakunlandi. Marraga birinchilardan boʻlib yetib kelgan gʻolib ishtirokchilar tashkilotchilarning qimmatbaho sovgʻalari va faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.
– Yugurish orqali tanani chiniqtirib borish, biz harbiylarning kundalik mashgʻulotlarimizdan biri hisoblanadi, – deydi harbiylar oʻrtasida birinchilardan boʻlib marraga yetib kelgan harbiy xizmatchi Abror Meyliyev. – Shuning uchun musobaqa unchalik ham qiyinchilik tugʻdirgani yoʻq. Bu musobaqada asosiy maqsad, gʻolib boʻlish emas aslida. Eng muhimi, bir gʻoya, bir maqsad ostida birlashish – bu ham boʻlsa vatanparvarlik, uni sevish, ardoqlash gʻoyasidir.
Musobaqa soʻngida vatanni madh etuvchi konsert dasturi namoyish etildi.