Qarshi shahrida harbiy qism va oliy ta’lim muassasalari boshlang‘ich tashkilot yetakchilari uchun o‘quv-seminar o‘tkazildi
Qashqadaryo viloyatida yoshlarni vatanparvarlik, fidoyilik va yuksak fuqarolik ruhida tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sanaladi. Shu maqsadda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati Kengashi tashabbusi bilan Qarshi shahridagi Yoshlar markazida harbiy qism va oliy ta’lim muassasalari boshlang‘ich tashkilot yetakchilari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi.
Tadbir davomida yoshlar bilan ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish, harbiy-vatanparvarlik tadbirlarini samarali o‘tkazish hamda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, yoshlarning huquqiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish, jamoani boshqarish hamda individual yondashuv kabi mavzularga ham e’tibor qaratildi.
Seminar yakunida faol ishtirok etgan yosh harbiy xizmatchilar va talabalarga O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati Kengashi tomonidan sertifikatlar topshirildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri