Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qarshi shahri talabalar o‘rtasidagi ommaviy sport musobaqalariga mezbonlik qildi
13:47 / 2024-12-14

10-13 dekabr kunlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda Sport vazirliklari tashabbusi bilan Qarshi davlat universitetida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarining respublika final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yildagi musobaqalar Qarshi davlat universiteti va viloyatning boshqa oliy ta’lim muassasalari mezbonligida o‘tkazildi.  

 

To‘rt kun davom etgan musobaqalar ko‘plab iqtidor egalarini kashf etgani, jamoalarni yanada jipslashtirgani, yoshlar o‘rtasida hamjihatlik tuyg‘ularini, do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlagani bilan ahamiyatli bo‘ldi.  

Bellashuvlar mini futbol, stol tennisi, voleybol, yengil atletika, stritbol kabi sport turlari bo‘yicha bo‘lib o‘tdi. Final bosqichida umumiy hisobda 574 nafar sportsevar talaba ishtirok etdi.  

Qarshi davlat universitetida tashkil etilgan taqdirlash marosimida barcha g‘olib va sovrindorlarga kubok, diplom va medallar tantanali topshirildi.  

Taqdirlash marosimida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda Sport vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, viloyat hokimligi rahbar va mas’ul xodimlari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda so‘z olganlar ushbu olimpiada jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidladi.  

Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, yengil atletika bo‘yicha 1-o‘rin Buxoro davlat pedagogika instituti jamoasiga nasib etdi.  

Yigitlar o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha 1-o‘rinni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti talabasi Shahzod Toshtemirov qo‘lga kiritgan bo‘lsa, qizlar o‘rtasida Chirchiq davlat pedagogika universiteti talabasi Shahrizoda Sharipovaga teng keladigan raqib topilmadi.  

Stritbol musobaqalari ham keskin bahs va munozaralarga boy tarzda o‘tib, yigitlar o‘rtasida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti jamoasi 1-o‘rinni, qizlar o‘rtasida esa Farg‘ona davlat universiteti jamoasi yuqori o‘rinni egalladi.  

Futbol bo‘yicha o‘tkazilgan o‘yinlarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti jamoasi o‘yinchilarining qo‘li baland keldi.  

Yigitlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan voleybol o‘yinlarida O‘zbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti jamoasi g‘olib bo‘ldi. Qizlar o‘rtasida esa Buxoro davlat universiteti voleybolchi qizlari ustunlikka erishdi.  

Qarshi davlat universiteti bu kabi yirik musobaqalarga ilk bora mezbonlik qilmoqda. Shu bois, ushbu musobaqa sharafiga universitetda “Ziyolilar bog‘i” ham barpo etildi.  

“Besh tashabbus olimpiadasi” respublika final bosqichi musobaqalari yakuniga bag‘ishlangan tantanali marosimga tashrif buyurgan yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Ziyolilar bog‘i”ga ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etdi.  

Mehmonlar tomonidan oliygohning belgilangan hududida mahalliy iqlim sharoitiga mos mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.  

Yaxshi niyatlar bilan barpo etilgan ushbu mo‘’jaz bog‘ kelgusida universitet hududini yanada go‘zal va betakror yashil maskanga aylantirishi shubhasizdir.  

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri