Mazkur xalqaro turnir O‘zbekiston Shaxmat Federatsiyasi, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi, Qashqadaryo viloyat hokimligi va “Shax-polan” MCHJ hamkorligida yuqori saviyada tashkil etildi.
Musobaqada jami 7 ta davlatdan 258 nafar shaxmatchi ishtirok etmoqda. Ushbu musobaqa uchinchi marotaba tashkil etilayotgan bo‘lib, ilk bor 2017 yilda o‘tkazilgan. II xalqaro turnir esa 2018 yilda “Shax-polan” MCHJ homiyligida o‘tkazilgan.
Musobaqa 2 guruhda tashkil etiladi: “A” guruhda 1800 va undan yuqori reytingga ega shaxmatchilar, “B” guruhida esa 1999 va undan past reytingga ega bo‘lgan shaxmatchilar qatnashishi mumkin.
Xalqaro unvon egalari -GM,WGM,IM,WIMlar va taklif etilgan xorijlik sportchilarga musobaqada ishtirok etish bepul. 60 yoshdan oshgan faxriylar va nogironligi bor shaxslar uchun musobaqa badalidan 50 foiz chegirma belgilangan.
Musobaqa standart yo‘nalishida shveysar tizimida o‘tkaziladi. Har bir ishtirokchiga 90 daqiqa va birinchi yurishdan boshlab, 30 sekunddan qo‘shib boriladi.
[gallery-23194]
Ushbu musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasi 350 million so‘mni tashkil etadi. “A” guruh – 274 million, “B” guruh 76 million so‘m.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu turnir 11 may kuniga qadar davom etadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari