Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qarshi davlat universitetida 6 ta yangi yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi
18:02 / 2021-07-15

Bu haqda Qarshi shahridagi Jurnalistlar uyida Qarshi davlat universiteti rektori D.Nabiyev ishtirokida “2021-2022 o‘quv yilida Oliy ta’lim muassasalari bakalavriati va magistraturasi qabul jarayonlarida abituriyentlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va 2021-2022 o‘quv yilida kutilayotgan o‘zgarishlar” mavzusida OAV vakillari uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida to‘xtalib o‘tildi.

Qarshi davlat universiteti 1945 yil 1 sentyabrda Buxoro birlashgan pedagogika va o‘qituvchilar institutining Qarshi filiali sifatida faoliyat boshlagan. 1949 yil 27 oktyabrda u ikki yillik o‘qituvchilar tayyorlash institutiga, 1956 yil avgustidan Qarshi davlat pedagogika institutiga aylantirilgan. 1992 yildan Qarshi davlat universiteti maqomini olgan.  

Ayni paytda universitet tarkibiy tuzilmasida 8 ta fakultet: ijtimoiy fanlar, filologiya, xorijiy tillar, san’atshunoslik, pedagogika, fizika-matematika, tabiiy fanlar, jismoniy madaniyat fakultetlari va 37 ta kafedra faoliyat ko‘rsatadi.  

2020-2021 o‘quv yilida 48 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 29 ta magistratura mutaxassisligida jami 20 ming 346 nafar (shundan 12619 nafarini xotin-qizlar tashkil qiladi) talaba tahsil oladi.  

[gallery-3118]

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 22 iyundagi “2021-2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qarori bilan barcha oliy ta’lim muassasalari singari Qarshi davlat universiteti va Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti uchun ham qabul kvotalari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha universitetga 1 ming 625 ta, pedagogika institutiga esa 900 ta, sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha universitetga 775 ta, pedagogika institutiga 350 ta o‘rin ajratilgan.    

Bundan tashqari joriy yildan boshlab, Qarshi davlat universitetida 2021-2022 o‘quv yili uchun bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha davolash ishi, pediatriya ishi, iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha), marketing (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha), amaliy filologiya hamda sport faoliyati (kurash) kabi 6 ta yangi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ham qabul jarayonlari amalga oshirilmoqda.    

Shuningdek, joriy o‘quv yilidan boshlab xalqaro kelishuv asosida Qarshi davlat universiteti va Rossiya Federatsiyasi Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti hamkorligida davolash ishi (25 nafar), pediatriya ishi (25 nafar) va farmatsiya (25 nafar) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Farmatsiya ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha hamkor oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari tomonidan 5 yil davomida darslar tashkil etilib, ta’lim yakunida Qarshi davlat universiteti diplomi taqdim etiladi. 

Davolash ishi, pediatriya ishi bakalavr ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 3 yil Qarshi davlat universitetida va 3 yil Privojlsk tadqiqot tibbiyot universitetlarida tahsil olinadi. Universitetlarni muvaffaqiyatli tugatgan talabalar bir vaqtning o‘zida 2 ta OTMning o‘zaro tan olingan diplomiga ega bo‘ladi.  

2021-2022 o‘quv yili uchun qabul jarayonlarini sifatli tashkil etish, abituriyentlar va ularning ota-onalariga qulaylik yaratish maqsadida “Call-center” markazi ham tashkil etilgan.  

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA