English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qarshi davlat universiteti talabalari xalqaro olimpiada g‘olibi
12:41 / 2021-08-10

Ma’lumki, joriy yilning 2-8 avgust kunlari universitet talabalari o‘rtasidagi 28-Xalqaro matematika musobaqasi (IMC - International Mathematics Competition) onlayn tarzda bo‘lib o‘tdi.

Ushbu olimpiadada dunyoning 55 dan ortiq davlatlaridan 592 nafar talaba ishtirok etdi.

O‘zbekiston terma jamoasi nomidan saralangan 17 nafar talaba ham ushbu olimpiadada munosib ishtirok etib, 100 foizlik natija ko‘rsatdi. 5 ta oltin, 6 ta kumush, 4 ta bronza medal hamda 2 ta faxriy yorliqni qo‘lga kiritdi.

Ushbu xalqaro matematika olimpiadasi ishtirokchilari orasida Qarshi davlat universiteti talabalari ham bor. Ular yurt sharafini munosib himoya qilib, 1 ta bronza va 2 ta olimpiada sertifikatini qo‘lga kiritdi.  

Jumladan, Qarshi davlat universitetining fizika-matematika fakulteti matematika yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Asrorbek Jabborov ushbu xalqaro olimpiadada tengdoshlari qatori ishtirok etib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.  

Asrorbek Jabborov universitetning iqtidorli yoshlaridan. U o‘z iqtidori ortidan 2020-2021-o‘quv yili uchun Ulug‘bek davlat stipendiyasi tanlovi g‘olibi, 2020 yilda Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan respublika onlayn fan olimpiadasida matematika (mutaxassislik) fanidan 1-o‘rin sohibi bo‘lgan.  

– Yaxshi natijalarga erishishimda ilmiy rahbarim va ustozlarimning mehnati katta, – deydi A.Jabborov. – Ularning yordami bilan hozirgi kunda “Kompleks dinamik sistemalar” sohasi bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib boryapman. Kelajakda matematika sohasi rivojida o‘z hissamni qo‘shishni maqsad qilganman.  

Shuningdek, 28-Xalqaro matematika musobaqasida Qarshi davlat universitetining fizika-matematika fakulteti matematika yo‘nalishi 4-bosqich talabasi Sardor Saidov hamda matematika fakulteti matematika yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Jahongir Xolmonov  ham qatnashib, olimpiada sertifikatiga ega bo‘ldi.

O‘lmas Barotov, O‘zA