Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qarovsiz qolgan ziyoratgoh deputat nazoratiga olindi
08:05 / 2021-12-03

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z saylov okruglarida bo‘lib, aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazmoqda.

Aholi vakillari tomonidan ko‘tarilgan dolzarb masalalarni hal etish bo‘yicha tegishli tashkilotlar rahbarlari bilan o‘rganishlar olib borildi.

Namangan viloyatidan Qonunchilik palatasiga saylangan deputat, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Zafarjon Xudoyberdiyev o‘z saylovchilari bilan muntazam aloqa o‘rnatgan. Bunda u yuzma-yuz uchrashuvlar bilan bir qatorda ijtimoiy tarmoqlarda yuritayotgan sahifalaridan unumli foydalanmoqda.

Norin tumanidagi “Xojintol” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, ularning mazmun-mohiyati xususida ma’lumot berildi.

Muloqotdan keyin saylovchilar deputat Zafarjon Xudoyberdiyevni mahalladagi chang ko‘chaga boshladi. Uzoq yillardan beri ta’mirlanmagan ichki yo‘l anchagina abgor holga tushib qolgan. Mahalla fuqarolari ushbu ko‘chani ta’mirlash bo‘yicha tegishli idoralarga qilingan murojaatlar naf bermaganini aytib, xalq noibidan amaliy yordam berishni so‘radi.

Deputat Uychi tumani Bo‘ston mahallasida ham aholi bilan uchrashdi. Bu yerda "Mavludi Sharif" manzumasi muallifi Mulla Yo‘ldosh To‘raboy o‘g‘li Xilvatiy mangu qo‘nim topgan joy mavzusi muhokama markazida bo‘ldi. Saylovchilar qabr joylashgan hududni ziyoratgohga aylantirish masalasini o‘rtaga tashladi.

Ushbu murojaat fuqarolar ishtirokida joyida o‘rganildi. Xilvatiyning evarasi bobosining devonlari, manzumalari bilan tanishtirdi. Bu yerni ziyorat qilish uchun nafaqat qo‘shni viloyatlar, balki qo‘shni davlatlardan ham ziyoratchilar kelmoqda. Biroq ziyoratgoh hozirgi kun talabiga javob bermaydi. Bu masala Respublika Madaniyat vazirligigacha ko‘tarilgan, lekin tuman darajasidagi masalalar yechilmagani sababli muammo hamon hal etilmayotir. Muammo deputat nazoratiga olindi.

Deputatning feysbukdagi sahifasiga avvalroq murojaat qilgan uychilik Sherzod Saydullayev Axsi mahallasidagi kanalizatsiya tarmog‘i ishlamayotgani tufayli atrof-muhitga badbo‘y hid chiqayotgani haqida ma’lum qilgan edi. Ahvolning joyida o‘rganilishidan so‘ng muammo yechimi yuzasidan tegishli vazirlikka deputat so‘rovi yuboriladigan bo‘ldi.

Xalq noibi saylovchilari bilan muloqotlar davomida Norin tumanidagi Qurama mahallasidagi ko‘chat ekish aksiyasida qatnashdi. 9-umumta’lim maktabida bo‘lgan “Farzandlarimga kitob sovg‘a qilaman” aksiyasida esa o‘quvchilarga yuzdan ortiq yangi adabiyotlar tuhfa qildi.

 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA