FOTOTANQID
Siz ko‘rib turgan suratlar 2024 yil 12 fevral kuni Farg‘ona shahridagi “Bolalar istirohat bog‘i” (sobiq “To‘qimachi” bog‘i)da olingan. Fototasvirga muhrlangan ayanchli holatlar istirohat bog‘i anchadan buyon qarovsiz ekanidan dalolat beradi. Attraksionlar yaroqsiz, bino va inshootlar, mini stadion tashlandiq ahvolga kelib qolgan. Ayrim daraxtlar quriy boshlagan. Ariq ichi chiqindilarga to‘la.
Ma’lum bo‘lishicha, Farg‘ona shahar hokimining 2012 yil 18 apreldagi 495-sonli va 2013 yil 22 martdagi 309-sonli qarorlariga binoan bog‘ hududidagi qurilishi tugallanmagan attraksion, futbol maydoni, sport majmuasi, salqin ichimliklar va muzqaymoq shoxobchasiga nisbatan egalik huquqi tadbirkor Islom Nazarovga o‘tkaziladi. Biroq boshlagan ishlar o‘lda-jo‘lda qolib, tadbirkor o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlamagan.
O‘tgan yillar ichida xarob holga kelib qolgan istirohat bog‘i yer maydonlarini Farg‘ona viloyati hokimining 2023 yil 20 noyabrdagi 381-11-0-Q/23-sonli qarori asosida yana shahar hokimligi zaxirasiga qaytarish belgilangan.
[gallery-15957]
Xullas, bugun bog‘ shahar husniga soya solib turgan xarobazor go‘yo. Uni obodonlashtirish, yangi qiyofa jo etish, bir zamonlardagi kabi so‘lim, diltortar maskanga aylantirish uchun qanday yechim izlanmoqda, qanaqa rejalar ko‘zda tutilmoqda, hozircha bunisi bizga noma’lum. Umid qilamizki, mutasaddilar bu borada o‘z so‘zlarini aytadilar.
O‘zA suratlari.