Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligidagi ishchi guruhi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida Prezident qarorlari ijrosi hamda hududda kriminogen vaziyatni tahlil qilish borasida amalga oshirilgan ishlar ahvoli o‘rganilmoqda.
Jumladan davlatimiz rahbarining joriy yilning 5 mart kuni o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengash yig‘ilishida berilgan topshiriqlari hamda hududlarda korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, shu jumladan maishiy korrupsiyaga barham berish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xarita”sida belgilangan vazifalarning ijrosi Chimboy tuman tibbiyot birlashmasida o‘rganildi.

Ishchi guruh muassasada bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirilganligi, muassasaga korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chaqiriqlar, korrupsiyaga duch kelinganda murojaat qilish mumkin bo‘lgan ishonch telefonlari qayd etilgan banner va plakatlar joylashtirilganligi va aholiga ko‘rsatiladigan bepul tibbiy xizmatlar, bepul beriladigan dori-darmonlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni barcha uchun ko‘rinarli joylarga o‘rnatilganligi holatlari bilan tanishdi. Bemorlar bilan bevosita suxbat o‘tkazilib, tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish, “Elektron retsept” moduli orqali retseptlarni elektron shaklda berishni joriy etish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Shuningdek Qorao‘zak tumanida qarorlar ijrosi bo‘yicha tuzilgan shtab tomonidan amalga oshirilgan ishlar o‘rganildi. “Mahalla yettiligi” va ijtimoiy profilaktikaga mas’ul bo‘lgan mutasaddilarga “Yo‘l xarita"lar ijrosini belgilangan muddatlarda sifatli ta’minlash yuzasidan tegishli ko‘rsatma berildi. Jumladan individual profilaktik tadbirlar o‘tkazish, “namunaviy xavfsiz ko‘cha” va “namunaviy xavfsiz yo‘laklar”ni tashkil etilishini jadallashtirish, mahallalarni to‘liq videokuzatuv bilan qamrab olish, ishsizlarning bandligini ta’minlash, probatsiyada turgan shaxslarning ijtimoiy muammolarini muntazam hal qilib borish qayd etildi.

Bundan tashqari, tumandagi “Ota makon” mahalla fuqarolar yig‘ini faollarining mazkur qarorlar ijrosi yuzasidan amalga oshrilgan ishlari bo‘yicha hisoboti tinglandi.
Tadbir yakunida ijtimoiy profilaktika tadbirlari davomida aniqlangan ayollar va yoshlarning muammolarini hududda kichik ishchi guruhlar tuzgan holda “fuqarobay” ishlash orqali ularning bugungi kunda dolzarb bo‘lib turgan mavjud muammoli masalalarini qisqa muddatlarda qonuniy hal etilishi yuzasidan mas’ullarga bir qator topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
O‘rganishlar davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri