“Navoiyuran” DKda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 14 iyuldagi “2022-2030 yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarning bajarilishi va ishlab chiqarish maqsadli parametrlarini ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlarni amalga oshirishga bag‘ishlangan videokonferensaloqa shaklida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Korxonada 2030 yilga kelib uran mineral xomashyosi bazasini 100 ming tonnaga yetkazish, tabiiy uran mahsulotini ishlab chiqarishni ikki baravarga yoki 7100 tonnaga va ammoniy perrenatini 1,7 barobarga yoki 3700 kilogrammga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, korxona iqtisodiy salohiyatini to‘laqonli namoyish etish maqsadida uran zaxiralari va resurslari geologiyasi, ularni qazib olish, qayta ishlash va eksport hajmlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, milliy va xalqaro standartlar asosidagi moliyaviy hisobotlari bo‘yicha ma’lumotlarni rasman e’lon qilish bo‘yicha cheklovlar olib tashlangan.

– 2022 yilga mo‘ljallangan geologiya-qidiruv yo‘nalishida 713 ming metr burg‘ilash ishlarini bajarish, uran zaxiralarini 6550 tonnaga va resurslarini 12500 tonnaga ko‘paytirish bo‘yicha tasdiqlangan prognoz ko‘rsatkichlarini tanqidiy ko‘rib chiqqan holda, belgilangan topshiriqlarni jadallashtirish lozim, – dedi korxona direktori Jahongir Hasanov. – 2030 yilga qadar korxona tomonidan uran qazib olish va qayta ishlashni ko‘paytirish maqsadida qariyb 500 mln/ dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Mazkur investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish uchun ularning ishchi loyihalari, texnik iqtisodiy asoslari hamda shaharsozlik hujjatlari ekspertizasini puxta, mukammal tayyorlash hamda investitsiya loyihalari doirasida loyiha oldi va loyiha-hujjatlarini ishlab chiqish uchun xorijiy va mahalliy konsalting-loyihalash kompaniyalarini jalb qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.

Yig‘ilishda “Navoiyuran” DKni rivojlantirish va transformatsiya qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilab berilgan vazifalarni bosqichma-bosqich bajarilishi yuzasidan mas’ul rahbarlarning hisobotlari tinglandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA