Ma’lumki, 2024 yilning 5 avgustida “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilingan edi. Mazkur qonun ijrosi doirasida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda Qashqadaryo viloyatida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qonun kuchga kirgandan boshlab hozirga qadar viloyatda kadastr organlari tomonidan jami 80 mingdan ortiq ob’ekt xatlovdan o‘tkazilib, shundan 39 mingdan ortig‘i e'tirof.kadastr.uz platformasiga kiritilgan hamda adliya boshqarmasi tomonidan 13 ming 434 tasi ko‘rib chiqilib, 5 ming 244 ta ob’ektga nisbatan fuqarolarning tegishli huquqlari e’tirof etilishi ta’minlangan. Xatlovdan o‘tkazish jarayonlariga 200 nafarga yaqin kadastr xodimlari safarbar qilingan bo‘lib, joriy yilda viloyatning 167 ta mahallasida xatlov ishlari olib borilishi maqsad qilingan.
Jumladan, viloyatning Koson tumanida ham ushbu yo‘nalishdagi ishlar jadallik bilan olib borilmoqda.
Tumandagi Yuqori Arabxona mahallasi raisi Olim Umirovning ta’kidlashicha, mahallada yashab turgan uy-joylari bo‘yicha egalik huquqi e’tirof etilmagan xonadonlar talaygina. Hududda bugungi kunda 3 ming 700 nafar aholi yashaydi, 518 ta xonadon mavjud. Kadastr xodimlari bilan birgalikda ikki haftadan buyon xatlov jarayonlari muvaffaqiyatli olib borilmoqda.
– Shu uyni 26 yil avval qurib, ko‘chib kirganmiz, – deydi shu mahallalik Ahadulla Shukurulloyev. – Boshida umuman qiziqmagan ekanmiz. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida kredit olmoqchi bo‘ldik va uy-joylarni garovga qo‘yishga to‘g‘ri keldi. Qarasak, egalik huquqimiz yo‘q. So‘ng harakat qilib ko‘rdik, lekin egalik huquqini ololmadik. Go‘yo ijarada turgandek yashab kelyapmiz. Shukrki, davlatimiz rahbarining xalqni o‘ylab chiqargan qonunlari qo‘l kelib, mahallamizda xatlov ishlari amalga oshirilmoqda. Nasib etsa, yaqin kunlarda ushbu hujjatga ega bo‘lamiz. Bundan juda mamnunmiz.
Darhaqiqat, ushbu aksiya 2018 yil 1 mayga qadar uy-joy qurish orqali o‘zboshimcha egallangan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan ob’ektlarga, hujjatlarda ko‘rsatilganidan 2018 yil 1 mayga qadar ortiqcha egallagan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan ob’ektlarga, oldingi aksiya doirasida huquqlar e’tirof etilishi yakuniga yetmagan ko‘chmas mulk ob’ektlariga qaratilgan. Shuningdek, 2021 yil 8 iyunga qadar ajratilgan, biroq yer ajratish qarori tasdiqlanmagan yer uchastkasiga, fuqarolarning bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylariga hamda ular egallagan yer uchastkasiga, 2020 yil 9 martga qadar kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan yashash uchun mo‘ljallanmagan binolar joylashgan yer uchastkasiga, xususiylashtirilgan binolar hamda inshootlar egallagan yer uchastkasiga nisbatan huquqlar e’tirof etiladi.
Natijada fuqarolar va tadbirkorlarning mulklari qonuniylashtiriladi, kredit uchun ta’minot predmeti paydo bo‘ladi, bozorda qonuniy kapital aylanmasi paydo bo‘ladi. Hududlarni rivojlantirish bilan bog‘liq hujjatlarni ishlab chiqishdagi muammolar kamayadi, fuqarolar o‘rtasidagi mulkiy nizolar, shu jumladan, meros bilan bog‘liq nizolarga yechim topiladi, noqonuniy qurilmalarni aniqlash, buzish, sudlashishga ortiqcha resurslar sarflanishining oldi olinadi.
Mahallani aylanish jarayonida xatlov ishlarini amalga oshirayotgan kadastr xodimlarini ham uchratdik va suhbatga chorladik.
– Xatlov ishlarini 2024 yil noyabr oyida boshlaganmiz. Ushbu mahallada ikki haftadan buyon xatlovdan o‘tkazish ishlarini olib boryapmiz va bu 9-mahalla, – deydi tuman kadastr tashkiloti muhandisi Mansur O‘rinov. – Davlat kadastrlari palatasi Koson tumani filiali tomonidan 4 ming 267 ta uy-joy xatlovdan o‘tkazilgan. Xatlovlar natijasida 500 nafardan ziyod fuqarolarning ko‘chmas mulklariga nisbatan egalik huquqi e’tirof etildi. Ushbu ko‘rsatkichlar fuqarolarning mulk huquqlarini tan olish va rasmiylashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar izchil davom etayotganini ko‘rsatadi. Tumanimizda 77 ta mahalla bor va ishlar jadallik bilan olib borilmoqda.
Albatta uy-joyingiz bo‘lsayu, egalik huquqingiz bo‘lmasa, bugungi kunda yaratilgan qanchadan-qancha imkoniyat va imtiyozlardan foydalana olmaysiz. Boz ustiga mol-mulk va yer solig‘ini ham baland stavkalarda to‘lashga majbur bo‘lasiz. Tumandagi Boyg‘undi mahallasi fuqarolari ham aksiya doirasida amalga oshirilgan ishlardan mamnun. Bugungi kunda mahalladagi deyarli barcha xonadonlar xatlovdan o‘tkazilib, egalik huquqi e’tirof etilgan.
Masalan, shu qishloqlik Odina Shodiyeva ham xonadoniga nisbatan egalik huquqining e’tirof etilganidan va bu tadbirkorlik faoliyatida yangi imkoniyatlarni yaratganidan xursand ekanini ta’kidlaydi.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan chiqarilgan qonun biz kabi fuqarolarga katta imkoniyatlar eshigini ochdi, – deydi O.Shodiyeva. – 10 yildan buyon shu xonadonda yashab kelamiz. Hovli joyimiz katta. Soliqlar ham uch karra chiqardi. Buning ustiga oilaviy bog‘cha ochmoqchi edik. Egalik huquqimiz bo‘lmagani uchun ishlarimiz yurishmay turgandi. Nihoyat egalik huquqi e’tirof etildi va barcha ishlarimiz ko‘ngildagidek ketyapti. Oilaviy bog‘cha ham ochdik. Endi baralla bu uy-joy bizniki deya olamiz. Soliqlar ham sezilarli kamaydi.
Aytish joizki, qonun ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlarning ko‘ngildagidek ketishida targ‘ibot-tashviqot ishlari ham muhim o‘rin tutadi. Bu borada adliya organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar e’tiborga loyiq.
– Aholi bu jarayonda faol bo‘lishi, hujjatlarni o‘z vaqtida huquqiy jihatdan rasmiylashtirishi va to‘lovlarni vaqtida amalga oshirib, egalik huquqini olishi uchun adliya bo‘limi xodimlari muntazam ravishda joylarga chiqib, aholi o‘rtasida huquqiy tushuntirish va targ‘ibot ishlarini olib bormoqda, – deydi Koson tumani Davlat xizmatlari markazi direktori Jamoliddin Orzuqulov. – Barcha fuqarolar bu jarayonga faol jalb qilinadi. Masalan, o‘tgan yili deyarli 2 ming targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi va ularda 20 mingdan ortiq fuqaro ishtirok etdi. Shu bilan birga, yana bir muhim jihatni ta’kidlash lozim, qonun qabul qilingunga qadar yer kodeksiga muvofiq egalik huquqini faqat 6 sotixgacha e’tirof etish mumkin edi. Yangi qonun aholi uchun qulaylik yaratdi – 1998 yilgacha qurilgan uy-joylarga 24 sotixgacha, 2018 yilgacha qurilganlarga esa 12-15 sotixgacha egalik huquqi beriladi.
Qonun ijrosi viloyat adliya boshqarmasi tomonidan doimiy nazoratga olingan bo‘lib, kelgusida ham viloyatning barcha hududlarida reja-grafik asosida huquqlarini e’tirof etish ishlari olib boriladi. Mazkur qonun va amaliy ishlar fuqarolarning mulkiy huquqlarini ta’minlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo‘lidagi izchil islohotlarning yana bir yorqin ifodasi deyish mumkin.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur qonun 2028 yilning 1 yanvariga qadar amal qiladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbiri