Prezidentimizning 2026 yil 5 fevraldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarga yangi turtki berdi. Mazkur qaror suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni faqat texnik chora sifatida emas, balki iqtisodiy, institutsional va raqamli mexanizmlar orqali qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi agentligi rahbari Birodarjon Burxonjonov mazkur hujjat mazmun-mohiyati va uning ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar haqida o‘z munosabatini bildirdi:
–Ushbu hujjatga ko‘ra, 2026-2028 yillarda respublika bo‘yicha suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish ko‘lami keskin kengaytiriladi. Xususan, 2028 yilga qadar 3,5 million gektar yer maydonida zamonaviy tejamkor sug‘orish tizimlari o‘rnatilib, yillik suv tejash hajmini 5 milliard metr kubga yetkazish ko‘zda tutilgan. Mazkur chora-tadbirlar suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bilan birga, suv ta’minoti og‘ir hududlarda barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Qaror doirasida moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ham kuchaytiriladi. Ushbu yo‘nalishda, 2026 yilning o‘zida tijorat banklari tomonidan 2,6 trillion so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilishi, davlat tomonidan esa 800 milliard so‘m subsidiya yo‘naltirilishi belgilandi. Shu bilan birga, suv tejovchi texnologiyalarni o‘z mablag‘lari hisobidan joriy etishni rejalashtirgan tashabbuskor xo‘jaliklar uchun subsidiya ajratishning yangi tartibi joriy qilindi. Unga ko‘ra, subsidiyaning 50 foizi loyihani amalga oshirish boshlanishidan oldin, qolgan qismi esa ishlar to‘liq yakunlanganidan so‘ng to‘lab beriladi.
Mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlar Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi agentligi hamda uning Nukus filiali tomonidan Orolbo‘yi hududlarida amalga oshirilayotgan ekologik loyihalar bilan uzviy bog‘liq. Bu yondashuv suv tejovchi texnologiyalar hisobidan tejalgan suv resurslarini ushbu hududda suv ta’minoti barqarorligini mustahkamlash, tabiiy ko‘llar tizimi va ekologik holatni yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Iqlim o‘zgarishi va suv resurslari tanqisligi sharoitida suvdan foydalanish samaradorligini oshirish ustuvor vazifa hisoblanadi. Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash bilan birga, Orolbo‘yi hududlarida ekotizimlar uchun zarur bo‘lgan ekologik suv oqimlarini shakllantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi agentligi hamda OQXJ Nukus filiali tomonidan Amudaryo deltasi va Orolbo‘yi hududlarida suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilyapti. Ushbu loyihalar suv rejimini barqarorlashtirish asnosida Orol havzasidagi ko‘llar tizimining ekologik holatini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Xususan, Maqpalko‘l, Domo‘loq, Darkesh va boshqa hududlarda suv oqimlarini tartibga solishga qaratilgan muhim infratuzilmaviy ishlar olib borilyapti. Ushbu ishlar damba va suv chiqarish inshootlarini rekonstruksiya qilish, beton kanallar qurish, kollektor suvlarini qayta yo‘naltirish hamda yashil qoplamalarni joriy etishni o‘z ichiga oladi. Natijada suvning yo‘qotilish darajasi kamayib, suv resurslaridan foydalanish samaradorligi bosqichma-bosqich oshirilmoqda.
2025-2027 yillarda Maqpalko‘l ko‘lida himoyalovchi damba va suv chiqarish inshootini qurish loyihasini amalga oshirish belgilangan. Mazkur loyiha Amudaryo deltasi va Orolbo‘yi hududlarida suv rejimini barqarorlashtirishga qaratilgan muhim kompleks chora-tadbirlar sirasiga kiradi.
Orolbo‘yi hududlarida ekologik tiklanishni ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli o‘rmon-meliorativ tadbirlar ham izchil davom ettirilmoqda. Bu kabi ishlar natijasida Axantoy hududida mahalliy daraxt va buta o‘simliklaridan iborat himoyalovchi o‘rmonzorlar barpo etildi. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 3,2 milliard so‘mni tashkil etib, loyiha doirasida Mo‘ynoq shahridan 20 kilometr shimoli-sharqda joylashgan hududda 8,7 ming gektar maydonda o‘rmon-meliorativ tadbirlar to‘liq amalga oshirildi hamda ob’ekt 2024 yilda foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, Aqqum hududida himoyalovchi o‘rmonzorlarni barpo etish bo‘yicha I-bosqich ishlar yakunlandi. Loyihaning umumiy smeta qiymati 3,4 milliard so‘mni tashkil etib, mazkur bosqich doirasida 2 ming gektar maydonda o‘rmon-meliorativ ishlar bajarildi hamda loyiha 2025 yilda foydalanishga topshirildi.
Xulosa qilib aytganda, Orolbo‘yi hududlarida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvni tejash va atrof-muhit holatini yaxshilashga qaratilgan tizimli ishlar o‘zining ilk samarasini bera boshladi. Bu esa nafaqat mintaqaning ekologik barqarorligini ta’minlash, balki aholi farovonligini oshirish va kelgusi avlodlar uchun tabiiy resurslarni asrab qolishda muhim qadamdir.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.