Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan Toshkent viloyatida aholi turmush darajasini yanada yaxshilash hamda ularga qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha aniqlangan 964 ta dolzarb muammolarni zudlik bilan bartaraf etishga 1 trillion 57,1 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilandi.
Shundan so‘ng hududda belgilangan ishlar boshlandi. Xususan, Oqqo‘rg‘on tumanida mazkur qaror ijrosi yuzasidan 23 ta loyiha amalga oshirildi. Bu esa aholi yashash sharoitlarini yanada yaxshilash, yillar davomida yig‘ilib, o‘z yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etishga zamin bo‘ldi. Jumladan, mahallalar infrastrukturasini rivojlantirish maqsadida 24 ta loyihani bajarish uchun 24 milliard 567 million so‘m pul mablag‘lari ajratilgan. Ayniqsa, aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash bo‘yicha “Birlik”, “Qushtamg‘ali”, “Qo‘rg‘oncha”, “Qahramon”, “Qo‘shtepa” va “Hosildor” mahalla fuqarolar yig‘inlarida 8,4 milliard so‘mlik loyihalarni ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi paytda bularning 6 tasida 100 foiz pudrat ishlari yakuniga yetkazildi.
[gallery-11635]
Xususan, “Qo‘rg‘oncha” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Toshkent va Boborahim Mashrab ko‘chalarida yashovchi aholi toza ichimlik suv iste’molidan qiynalar edi. Biroq 3,3 kilometrlik suv quvurlari yotqizilib, 1ta suv inshooti qurib foydalanishga topshirilyapti. Endilikda bu kabi muammolar hududda bo‘lmaydi. Shuningdek, aholini toza ichimlik suviga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida tumandagi “Qushtamg‘ali” MFYda 10 kilometrlik ichimlik suv tarmoqlari tortildi. Bu sa’y-harakatlardan esa fuqarolar mamnun. Ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha tumanda ko‘plab muammolar bor edi. Shularni bartaraf etish uchun 11 milliard so‘m sarf etildi. Masalan, “Tolovul” MFY hududidan o‘tuvchi Quyi Chirchiq va Oqqo‘rg‘on tumanlarini bog‘lovchi umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘lining 1,1 kilometri qismi to‘liq qayta asfaltlandi. Ikki tumanni Ohangaron daryosi bilan bog‘lovchi ko‘prik ham ta’mirlanib, panjaralar o‘rnatilmoqda. Bundan tashqari, mahallaning Shabnam ko‘chasiga 1 kilometrlik beton yo‘l qurildi. Sababi kuz-qish mavsumida bu yerlardan yurish uchun piyodalar va avtotransport qatnovga qiynalardi. Yo‘llarning yomon holatga kelib qolishiga sabab esa o‘z vaqtida ta’mirlanmaganidir. Elektr energiya ta’minotini yaxshilash bo‘yicha “Jag‘alboyli”, “Sultonobod” va “S.Segizboyev” MFYlarga muammolar bo‘lgan edi. Shu sababli joylarda yangi beton tayanch ustunlari o‘rnatildi. Umuman olganda, mavjud kommunal muammolarni bartaraf qilish tufayli sovuq kunlarda ortiqcha noqulayliklar bo‘lmaydi.
A.Musayev,
D.Ernazarov, (surat), O‘zA.