Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qaror va ijro: ko‘p funksionalli integratsiyalangan raqamli geologik komplekt xaritalar tuzilmoqda
11:03 / 2021-03-15

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 23 iyuldagi «Yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishni yanada takomillashtirish va 2020-2021 yillarda mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklashga doir maqsadli dasturlarni shakllantirish va ijro etish samaradorligini oshirish kabi bir qator vazifalar belgilangan.

 O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi Yer qa’rini regional o‘rganish va geologik xaritalash bo‘limi boshlig‘i Nafisa Dulabova ushbu qaror ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib berdi.

– Ushbu hujjat sohani rivojlantirishda katta ahamiyatga ega bo‘lmoqda, – dedi N.Dulabova. – Shu bois, bu borada ishlarni tizimli tashkil etish maqsadga muvofiqdir. Yer qa’rini regional o‘rganish bo‘yicha kompleks tadqiqotlarni olib borishning muhim vazifalari – foydali qazilma boyliklarining keng doirasini yaratish, shu bilan birga, ularning muhim strategik turlarini (oltin, uran, rangli, nodir metallar va kamyob yer elementlari, yer osti suvlari, ko‘mir, yonuvchi slanetslar, uglevodorodlar, noruda konlari va boshqalar) izlab topish maqsadida geologiya qidiruv ishlarini rivojlantirishning qisqa, o‘rta va uzoq muddatlarga rejalashtirish uchun turli masshtabda va bashorat xarakteriga ega ko‘p maqsadli xaritalarni yaratish hamda istiqbolli maydonlarni ajratib berishdan iboratdir.

1960-1980 yillarda O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab mayda, o‘rta va yirik masshtabdagi regional geologik tasvirlash hamda xaritalash ishlari olib borilgan. Mazkur ishlar natijasida olingan geologik ma’lumotlar va tuzilgan xaritalar ancha eskirgan, bugungi kun talablariga javob bermaydi. Chunki xaritalar eski uslubda yaratilgan, raqamlashtirilmagan, bu esa o‘z navbatida, bir hududning xaritasini qayta-qayta yaratishga to‘g‘ri keladi. Zamonaviy dasturiy ta’minotlarda raqamlashtirilgan xaritalar esa bundan mustasno.

Prezidentimizning 2019 yil 23 iyuldagi qarorida yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishni yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilandi. Hukumat tomonidan sohamizga berilayotgan yuksak e’tibor tufayli yer qa’rini regional geologik o‘rganish ishlariga zamonaviy standartlar, ilg‘or texnika va asbob-uskunalar joriy etilmoqda. Xususan, geologik xaritalash jarayonida yuqori sifatli kompyuter dasturlaridan foydalanib, yangi g‘oyalar bilan konseptual yondashgan holda, xalqaro standartlarga javob beradigan ko‘p funksionalli integratsiyalangan raqamli geologik komplekt xaritalar (geologiya xaritasi, foydali qazilmalar va ularning joylashuv qonuniyatlari xaritasi, struktura-tektonik xaritasi, mineragenik xarita, geomorfologiya xaritasi, platformali hududlar uchun burmali poydevorning geologik xaritasi, geologik-iqtisodiy xaritalar) tuzilmoqda.

Shu bilan birgalikda, xalqaro standartlar asosida raqamli geologik axborotlar bankini yaratish ham bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Raqamli texnologiyalarning rivojlanishi sababli kosmogeologik tadqiqotlar sohasida ham keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Xususan, istiqbolli maydonlarni o‘rganish jarayoniga yerni masofadan zondlashning zamonaviy usullari va texnologiyalarini qo‘llagan holda (WorldView-3, ArcGIS, ENVI, ERDAS Imagine, PCI Geomatica, Global Mapper, spektrometr “Spectral Evolution PSM-3500») hududlarda ixtisoslashtirilgan kosmogeologik tadqiqotlar olib borilmoqda.

Regional geologiya ishlarining sifati, tezkorligi va natijadorligini oshirish maqsadida sohaga zamonaviy aerogeofizika «Impuls A7» majmuasi joriy qilindi. Aerogeofizika usuli o‘ta qulay, arzon, judayam qisqa muddatda keng hududlarni qamrab olish, ma’lumotlarni yengil olish va ularni qisqa muddatda kompleks tahlil etishni ta’minlaydi.

Geokimyoviy tadqiqotlar sohada foydali qazilma konlarini aniqlashda eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib, tog‘ jinslari tarkibida kimyoviy elementlarning tarqalish qonuniyatlari, migratsiyasi va konsentratsiyasini o‘rganadi. Hududni regional o‘rganishda geokimyoviy tadqiqotlarning zamonaviy GEOSKAN i Geosoft dasturiy ta’minotlaridan foydalanib, ma’lumotlarni kompleks tahlil qilish orqali alohida hududlarni metallogenik geokimyoviy rayonlashtirish xaritalari tuzilmoqda. Shuningdek, laboratoriya tahliliy ishlarga ham xalqaro me’yorlar asosida zamonaviy standartlar hamda asbob-uskunalarni joriy etish sababli olingan tahlillarning sifati va natijalarning aniqliligi oshmoqda. Xususan, shu kungacha namunalar tarkibida 40 tacha kimyoviy elementlarning miqdori aniqlangan bo‘lsa, endilikda 63 tagacha aniqlanmoqda.

Ushbu olib borilayotgan geologiya qidiruv ishlari va yangidan tuzilayotgan xaritalar respublikamiz iqtisodiyoti va xalq xo‘jaligining turli sohalari, qishloq xo‘jaligi, sanoat va transport sohasi, geografiya, seysmologiya, xavfli geologik jarayonlardan ogohlantirish, harbiy sanoat, geoturizm, geoekologiya va boshqa sohalarda qo‘llash uchun xizmat qiladi.

Geologiya-qidiruv sohasida olib borilayotgan bunday islohotlar natijasida kelajakda yangi va noan’anaviy konlarni ochishda sezilarli darajada samaradorligini oshiradi.

 O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA

yozib oldi.