O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 7 apreldagi qaroriga asosan hududlarda kinoijodkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar, eng yangi filmlar namoyishini tashkil etishni nazarda tutuvchi “Kinokarvon” aksiyasining o‘tkazish ezgu an’anaga aylanib ulgurdi.
Bundan ko‘zlarga maqsad esa aholining madaniy hordiq olishini ta’minlash, mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, aholi orasida madaniyat va san’atni targ‘ib qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Ushbu “Kinokarvon” aksiyasi tadbirlari 2021 yildan buyon Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda kinokarvon tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, kino san’atining inson ongi va tafakkuriga, jamiyat hayotiga ta’siri nihoyatda beqiyos. Kino olami nafaqat xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga, balki uning go‘zal qadriyatlarini butun dunyoga tanitishga ham katta hissa qo‘shadi.
Ta’kidlash kerakki, ilk kinokarvon tadbirlari 2021 yilda Samarqand viloyatiga tashrif bilan boshlangan va yil davomida boshqa hududlarda ham davom etgan. Unda mashhur kinoijodkorlar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan. Karvon bilan birga yo‘lga chiqqan mobil kinoteatrlar olis qishloqlarga borib, mahalliy aholi uchun Agentlik buyurtmasiga binoan suratga olingan «Men terrorchi emasman», «Orzular qanotida», «Meros», «Hayrat» va «Muqimiy» kabi filmlar namoyish etilgan. Shuningdek, ushbu tadbirlar 2022 yilda ham o‘ziga xos tarzda davom ettirildi.
– 2023 yilda ham Kinokarvon tadbirlari bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab 15 avgustdan 15 sentyabrga qadar «Yangi O‘zbekistonning yangi kinolari» oyligi o‘tkazildi. Hududlarda o‘tkazilgan tadbirlar davomida Farhod Abdullayev, Sobir Otajonov, Xurshid To‘xtayev, Mavjuda Murtazoyeva, Gulchehra Sa’dullayeva, Shavkat Komilov, Otabek Haqberdiyev, Yigitali Mamajonov kabi kinoijodkorlar ishtirokida mahalliy aholi, yoshlar va talabalar bilan ijodiy uchrashuvlar tashkil etildi. Bundan tashqari, mashhur kinoijodkorlar muruvvat va mehribonlik uylariga tashrif buyurib, bemorlar holidan xabar oldi. Shuningdek, harbiy okruglarda bo‘lib, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirdi. Ijodiy uchrashuvlarda xalq bilan dildan suhbatlar o‘tkazildi. Kinokarvon tadbirlarida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan so‘nggi yillarda suratga olingan «Sudya», «Parining sovg‘asi», «Osmondagi bolalar 3», «Bardosh», «Doktor Abdullayev», «Samarqandda qovun tarovati», «Ilhaq» kabi badiiy filmlar namoyish qilindi, –dedi ushbu aksiya ishtirokchisi, rejissyor Abduhalil Mingnarov.
Xulosa shuki, kino san’ati milliy ma’naviyatimizni yuksaltirishda, ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik va ezgu qadriyatlarga muhabbat ruhida tarbiyalashda ulkan ta’sir va katta kuchiga ega bo‘lgan eng ommaviy san’at turi hisob¬lanadi. Kinokarvon nafaqat shu san’atning yanada ommalashishiga sharoit yaratib qolmay, balki xalqimizga quvonchu shodlik va madaniy xordiq chiqarishiga munosib xizmat qiladi.
N. Ziyodullayeva, O‘zA