Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qaror va ijro: istiqbolli loyiha samarasi
14:36 / 2022-11-29

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 iyundagi “Sirdaryo viloyatida agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori tarkibiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, qishloq xo‘jaligida klaster ishlab chiqarishini rivojlantirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etish, yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh mahsulotlarni yetishtirish va chuqur qayta ishlashni tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “Industrial Innovation Group LLC” kompaniyasi (Birlashgan Arab Amirliklari) o‘rtasida 2019 yil 20 mart kuni Investitsiyalar to‘g‘risida bitim imzolangan. Unga ko‘ra, 181,9 million yevro miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga Sirdaryo viloyatida tarkibida sellyuloza mavjud bo‘lgan ekinlar (kannabis (Cannabis sativa L.), zig‘ir (Linum usitatissimum L.) va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish, qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash va raqobatbardosh, eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil etish nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Sirdaryo viloyati hokimligi hamda “Industrial Innovation Group LLC” kompaniyasi hamkorligida Sirdaryo viloyati Xovos tumanida agrosanoat klasterini tashkil qilish loyihasi amalga oshirildi.

Agrosanoat klasterini yaratish uchun “RS Success Agro” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Agrosanoat klasteri ilg‘or ilmiy yutuqlarni, sellyuloza mavjud bo‘lgan ekinlar (kannabis, zig‘ir) va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishning zamonaviy va samarali uslublarini, ilg‘or agrotexnik va suv tejamkor texnologiyalarni joriy etish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda kannabis hamda zig‘ir tolasi va urug‘ini qayta ishlashning samarali usullarini va ularni chuqur qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish, qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash va raqobatbardosh, eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish, ilmiy va ta’lim muassasalari bilan birgalikda kannabis va zig‘irni dastlabki qayta ishlash, seleksiya va urug‘chilik yo‘nalishida, qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi navlari va duragay urug‘larini yaratish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish yo‘nalishlarida faoliyat olib boradi.

Agrosanoat klasterida kannabis o‘simligini seleksiyasi va urug‘chiligidan tortib, uni qayta ishlab, tayyor eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan qo‘shimcha qo‘shilgan qiymat zanjiri yaratilgan. Bu yerda 226 nafar xodim doimiy va 66 kishi mavsumiy ishlaydi.

Kuni kecha 2022 yil hosilidan olingan “Leodar” kannabis yog‘ining taqdimotiga bag‘ishlangan texnologik ko‘rgazma o‘tkazildi. Unda Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Mahmudaliyev va Birlashgan Arab Amirliklarining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi, doktor Said Matar Al-Qamziy va bir qator rasmiylar ishtirok etdi.

Tadbirda ushbu loyiha o‘zining noyob texnologik ustunliklari va yuqori ishlab chiqarish quvvati bilan alohida ajralib turishi, O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishdagi ilk loyiha ekanligi ta’kidlandi.

Ishlab chiqarilgan kannabis yog‘i uchun Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining xavfsizlik xulosasi, shuningdek, Xitoy, AQSH, Shveysariya, Slovakiya, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Germaniya sertifikatlashtirish muassasalarining sifat va xavfsizlik sertifikatlari olingan. Mutaxassislar tomonidan ushbu mahsulot tarkibida tetragidrokannabinol moddasi yo‘qligi alohida qayd etildi.

Ko‘rgazmada kannabis yog‘ini quyish, mahsulotni sterilizatsiya qilish, yopish, qadoqlash va yorliqlashga mo‘ljallangan avtomatlashtirilgan liniyaning ishlash jarayoni namoyish etildi. Ilg‘or texnologik liniyalar eng yuqori mahsulot sifatini ta’minlash va yog‘ning barcha foydali xususiyatlarini saqlab qolish imkonini beradi. Liniya soatiga 1 500 ta shisha idishni to‘ldirib, qadoqlaydi.

Kompaniya bosh direktori Robiya Ibragimovaning ta’kidlashicha, mahsulotni yaratish eng yaxshi urug‘ni tanlash bilan boshlanadi. O‘simliklar innovatsion tomchilatib sug‘orish tizimi yordamida sug‘oriladi. Zamonaviy texnika hosilni ehtiyotkorlik bilan yig‘ib oladi. Yog‘ni olishda gidravlik presslar yordamida sovuq presslash usuli qo‘llaniladi. Bu mahsulotning barcha foydali moddalarini termal va kimyoviy ishlov bermasdan saqlab qolish imkonini beradi.

Sh. Suyarov, Sh. Ortiqboyev, O‘zA.