Bugungi kunda yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Prezidentimizning 2020 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori dasturilamal bo‘lmoqda.
Mazkur qarorga muvofiq “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining Investitsiya dasturi doirasida bir qator loyihalar amaliyotga joriy etilmoqda. Shulardan biri Navoiy shahrida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan “Petrawool” MCHJ QK da bazalt toshidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarish loyihasidir.
[gallery-12923]
– Loyihaning umumiy qiymati 30 million yevroni tashkil etib, yiliga 40 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega, – deydi Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Islomiddin Norimov. – Ushbu mablag‘ning 6 million yevrosi korxonaning o‘z mablag‘i bo‘lsa, 9 million yevro mablag‘ chet el investitsiyasi va 15 million yevro mablag‘ bank kreditidir. Bu yerda Chexiya, Rossiya va Italiya davlatlaridan uskunalar olib kelingan bo‘lib, 200 yangi ish o‘rni yaratilgan. Eng muhimi, faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlarning barchasi mahalliy yoshlar. Korxonada yuqori texnologiyali uskunalarda bazalt tolasi asosida issiqlik o‘tkazmaydigan zamonaviy materiallar ishlab chiqarilmoqda. Bazalt tolasidan yasalgan tagliklar (matlar) va plitalar zamonaviy talablarga javob beradigan yuqori ekologik toza, issiqlik o‘tkazuvchanlik va yong‘inga chidamlilik ko‘rsatkichlariga ega.
– “Petrawool” bazalt momig‘i yuqori samarali izolyator bo‘lib, uning tarkibida zich to‘qilgan, havo bilan 95-98 foiz to‘ldirilgan juda mayda kovakchalar mavjud, – deydi korxona bosh mexanigi O‘ktam Farmonov. – Ma’lumki, havo o‘ta past issiqlik o‘tkazish qobiliyatiga ega, bu esa xonada qish davrida issiqlikni va yozda salqinlikni saqlashni ta’minlaydi. “Petrawool” plitalari binoda akustik jihatdan qulaylikni ta’minlab, har xil turdagi shovqindan a’lo darajada himoya qiladi. Mahsulotlarga suv yuqtirmaslik xususiyatini baxsh etuvchi gidrofob qo‘shimchalar bilan ishlov berilgan. Bazalt tolasi yonmaydi, chunki u anorganik materiallardan tayyorlangan. Material tolalari ming daraja haroratga bardosh berishi amaliyotda isbotlangan. Eng muhimi, mahsulot ekologik tozaligi bilan ajralib turadi.
Albatta, bugungi kunda bu kabi ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilishi natijasida mahalliy yoshlar ish bilan ta’minlanmoqda. Ular har qanday chet eldan keltirilgan asbob-uskunalarni boshqarishni o‘rganib, sifatli texnik xizmat ham ko‘rsatmoqda. Rahmatulla Aliyev ana shunday yoshlardan biri.
– Korxona ish faoliyatini boshlagan dastlabki kunlardan buyon ishlab kelaman, – deydi Rahmatulla. – Asosan elektr ta’minoti masalalari bilan shug‘ullanaman. Qisqacha aytganda “elektrikman”. Korxonamiz zamonaviy texnologiyalar asosida qurilgan. Hamma jihozlari avtomatlashtirilgan. Men kabi yoshlar bu yerda ko‘pchilikni tashkil etadi. Biz ishchi-xodimlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Issiq ovqat, maxsus kiyimlar, oylik ish haqimiz o‘z vaqtida berib boriladi. Qurilish sohasiga sifatli materiallar yetkazib berishga o‘z hissamni qo‘shayotganimdan xursandman.
A.Bo‘riyev,
S.Aslonov (surat), O‘zA