Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qaror ijrosiga bag‘ishlandi
16:15 / 2021-12-01

Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Meva sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosarlari, shahar-tuman hokimlari va ularning o‘rinbosarlari, sektor rahbarlari, qishloq xo‘jaligiga mas’ul tashkilotlar rahbarlari qatnashdi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda fermer xo‘jaliklari va klasterlar foydalanishidagi past hosilli paxta va g‘alladan qisqartirilgan 200 ming gektar ekin maydonlarini 2022-2025 yillarda bosqichma-bosqich zaxiraga qaytarilishi, zaxiraga qaytarilgan yer maydonlarida dehqon xo‘jaligi tashkil etgan holda sabzavotchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish kabi loyihalarni amalga oshirish uchun fuqarolarga 10 sotixdan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda ochiq elektron tanlov orqali 10 yilga ijaraga berilishi tushuntirildi. 

Yer uchastkalari «E-AUKSION» elektron savdo platformasida ochiq elektron tanlov o‘tkazish orqali ijaraga berilishi, yer uchastkalarini ijaraga berishda o‘z tomorqasida meva-sabzavotchilik, poliz mahsulotlarini yetishtirish va uzumchilikda yaxshi natijalarga erishgan, ushbu sohalardan birida tayanch mutaxassislikka ega bo‘lgan fuqarolar, shuningdek, «Temir», «Ayollar» va «Yoshlar» daftarlarida ro‘yxatda turgan ehtiyojmand oilalarga alohida imtiyozlar berilishi xususida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Tadbirda yer uchastkalari «E-AUKSION» elektron savdo platformasiga joylashtirish tartibi hamda ushbu jarayonda ishtirok etadigan tashkilotlarning vazifalari xususida ham so‘z bordi. Shuningdek, zaxiraga olingan yer uchastkalarini davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ro‘yxatidan o‘tkazilgan yer maydonlarining 10 sotixdan 1 gektargacha bo‘lgan hajmlarda lotlarga ajratib, bir oy ichida ochiq elektron tanlovga qo‘yilishi qaror bilan belgilab qo‘yilgani ta’kidlandi.

Ajratilgan yer maydonlarining tuproq sharoiti, yer ball boniteti, suv bilan ta’minlanganlik darajasi, hudud aholisining tajribasidan kelib chiqqan holda “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida mahsulot yetishtirishga asosiy e’tibor qaratish, yer maydonlarida zarur agrotexnik tadbirlarni bajarish, o‘g‘it va suv bilan ta’minlash, infratuzilma ob’ektlarini yaratish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga ham alohida tushuntirishlar berildi.

Seminarda dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning ma’muriy reglamenti, yuridik shaxslarga qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning ma’muriy reglamenti, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ikkilamchi ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablari bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi. Xususan, yangi tartibga ko‘ra tuman, shahar hokimliklari manfaatdor davlat tashkilotlari bilan birgalikda har yili noyabr oyiga qadar yer uchastkalarini taqdim etish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi hamda tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman, shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasiga kiritishi shundan so‘ng esa ochiq elektron tanlovga qo‘yilishi bo‘yicha to‘xtalib o‘tildi.

Tadbirda Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev, viloyat hokimi Botir Zaripov, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Haitov qatnashdi.

 

Zarif Komilov, O‘zA