Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi va hududda kriminogen vaziyatni tahlil qilish faoliyati Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘rganilmoqda.
Navbatdagi o‘rganishlar “Nukus-Dilisha” mas’uliyati cheklagan jamiyati tomonidan 0,265 gektar yer maydoniga umumiy qiymati 13 milliard so‘mlik loyihasi asosida barpo etilayotgan ko‘p qavatli avtoturargohda bo‘ldi.

Mazkur loyihaga ko‘ra, avtoturargohga transport vositalarini joylashtirish elektron ro‘yxatga olish bilan amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu esa o‘z navbatida, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovni inson omilisiz, ya’ni onlayn “QR” kod bilan tasdiqlanadigan to‘lash tizimini joriy etishni ta’minlaydi.
Shuningdek, ushbu mas’uliyati cheklagan jamiyatga qarashli savdo kompleksi avtoturargohining raqamlashtirish faoliyati o‘rganildi. Raqamlashtirilgan tizimni soliq idoralari bilan qisqa fursatlarda integratsiya qilish va boshqa savdo komplekslariga ham joriy qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, B.Valiyev Taxtako‘pir tumanida tuzilgan ishchi guruh va shtab a’zolari bilan uchrashdi. “Mahalla yettiligi” va “ijtimoiy profilaktika”ga mas’ul bo‘lgan mutasaddilarga qaror ijrosi bo‘yicha tasdiqlangan “yo‘l xarita”da belgilangan tadbirlarni o‘z muddatlarida sifatli ta’minlash bo‘yicha vazifalar berildi.
Jumladan, yoshlar, xotin-qizlar, muqaddam sudlanganlar va ishsizlar jinoyatchiligining oldini olish maqsadida ularning bandligini ta’minlash, individual profilaktik tadbirlarni ko‘proq o‘tkazish, mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni qisqa fursatlarda qonuniy hal etilishi yuzasidan ham tegishli topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.
Ishchi guruh tomonidan o‘rganishlar davom etmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri