Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qaror ijrosi nazoratda
10:59 / 2022-10-20

Termizda Prezidentimizning 2022 yil 9 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorining Surxondaryo viloyatidagi ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Sektorlar rahbarlari, viloyat hokimi o‘rinbosarlari, shahar va tumanlar hokimlari, boshqarma va tashkilotlar boshliqlari ishtirok etgan tadbirda viloyat hokimi, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha jamg‘armasi vasiylik kengashi raisi To‘ra Bobolovning hisoboti tinglandi.

Ta’kidlandiki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yaratilgan yangi tizim asosida viloyat mahallalarida ish boshlagan yoshlar yetakchilari uyma-uy yurib, “Yoshlar balansi”ni to‘liq shakllantirishga, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni “Yoshlar daftari”ga kiritib, mahallalarda uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishni ustuvor vazifa sifatida belgilab oldi. Shunga muvofiq ikki bosqichda yoshlar xatlovi o‘tkazilib 14-30 yoshdagi 772 ming 83 nafar o‘g‘il-qizning bandlik, ta’lim, oilaviy, ijtimoiy va salomatlik holatlari bo‘yicha “Yoshlar balansi” shakllantirildi.  

“Yoshlar balansi” asosida aniqlangan ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj 24 ming 648 nafar o‘g‘il-qizlar “Yoshlar daftari”ga kiritilib, hozirgacha 21 ming 809 nafariga “Ay-Ti”, ilm-fan, xorijiy tillarga o‘qitish, mehnat qurollari xaridi uchun subsidiya ajratish, kontrakt to‘lovini to‘lash kabi 25 yordam turlari doirasida amaliy ko‘mak berilib, buning uchun 23,6 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. 9 ming 927 yoshga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun 244 milliard 320 million so‘m imtiyozli kredit berildi. 8 ming 241 nafariga 1 ming 662 gektar ekin maydoni ajratilib, 12 mingga yaqin ish o‘rni yaratildi. 2 ming 933 nafar imkoniyati cheklangan va tibbiy yordamga muhtoj yoshlar doimiy nazoratga olindi.  

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan jamg‘armada shakllantirilgan 25 milliard so‘m mablag‘ning 21,7 milliard so‘mi  “Yoshlar daftari”dagi 12 ming 439 nafar ishsiz yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlab, ularning asbob-uskuna, mehnat qurollari, urug‘lik va ko‘chat xarid qilish uchun subsidiyalar ajratish, noturar joylar ijarasi kabi masalalariga yo‘naltirildi.  

Surxondaryo viloyati Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiatosh  tumaniga biriktirilgan. Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqilgan. Tuman yoshlari yetakchilari bilan o‘tkazilgan muloqotda qilingan murojaatga asosan, sport maktabiga kurash gilami,  “Street workout” jihozlari, Besh tashabbus olimpiadasi doirasida “Viloyat hokimi kubogi” uchun sport musobaqalari tashkil etildi.

Hisobotda shuningdek, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va joylarda tashkil etilgan besh bosqichli “Besh tashabbus olimpiadasi”ning samaralari, talaba-yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Yoshlarga oid davlat siyosati masalasida hududlarda duch kelinayotgan muammolar atroflicha tahlil qilindi. Sektorlar rahbarlari, yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat komissiyasi a’zolari va boshqa mutasaddilarga bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirish yuzasidan tegishli vazifalar topshirildi.  

Yig‘ilishda Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov ishtirok etdi.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,  O‘zA