Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qaror ijrosi muhokama qilindi
08:13 / 2021-06-13

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboyeva ishtirokida majlis bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining “2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hududning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, aholiga munosib turmush sharoitini yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qaror asosida qabul qilingan uch yillik rivojlanish dasturi ijrosi ustidan Parlament nazoratini tashkil etish maqsadida Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi tomonidan Senat a’zolari, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari bilan hamkorlikda bevosita joylarga chiqib tahliliy o‘rganishlar muntazam o‘tkazilmoqda.

O‘rganishlar jarayonida nafaqat nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda, balki, tadbirkorlar va aholi faollari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ularning muammolarini joyida hal etish choralari ko‘rilmoqda.

Qarorda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari B.Xabibullayev ma’lumot berdi.

Dasturga muvofiq 2020-2023 yillarda 1 ming 359 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi va 17 719 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan. Joriy yil 1 iyun holatiga 912 ta loyiha ishga tushirilib, 7249 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shu jumladan, 2021 yil yanvar-may oylarida 113 ta loyihani amalga oshirish orqali 2597 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 110 ta loyiha ishga tushirildi va 2322 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi.

Tadbirda shuningdek “Mahallabay” ishlash, xotin-qizlarning muammolarini hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalari xususida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri birinchi o‘rinbosari M.Ahmedova ma’lumot berdi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati ishchi guruhi tomonidan Amudaryo, Beruniy, Bo‘zatov, Kegayli, Taxtako‘pir, Shumanoy, Ellikqal’a tumanlarida sektorlarning bu boradagi ishlari o‘rganildi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha shahar va tumanlarning ishchi guruhlari tomonidan 350 ming nafarga yaqin xotin-qizning holati o‘rganilgan. Uning natijasi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 24 ming 519 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritilgan bo‘lib, bugungi kunga 23 ming 300 nafar xotin-qizning muammosi hal etilgan. Shundan 9 ming 710 nafari “Ayollar daftari”dan chiqarilgan.

Tadbirda amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar bilan birga yo‘l qo‘yilayotgan ayrim kamchiliklar qayd etildi. Mas’ul vazirlik, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimliklarga kechiktirilayotgan loyihalarni ishga tushirish choralarini ko‘rish topshirildi.

Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan saylangan senatorlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari deputatlariga qaror ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, investitsiyaviy loyihalarning o‘z muddatida ishga tushishi ustidan qat’iy parlament nazoratini yanada kuchaytirish, har oyda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, vazirlik va idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimliklarning hisobotini tinglashni yo‘lga qo‘yish belgilandi. Shuningdek, muddatida ishga tushirilmagan loyihalar yuzasidan tegishli mas’ul tashkilotlarga deputatlik so‘rovlarini yuborish, ijtimoiy-iqtisodiy, investitsiyaviy loyihalarga ajratilayotgan davlat va mahalliy byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini nazorat qilish, aholi o‘rtasida targ‘ibot va ommaviy axborot vositalarida keng qamrovli yoritish ishlarini olib borish tavsiya etildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov ishtirok etdi.

[gallery-2774]

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA