Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qariyb oltmish yil davomida yurtimizdagi soat millari 1 soat oldinda yurganini bilasizmi?
07:35 / 2025-06-16

Vatanimiz tarixidagi 16 iyun sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1923 yil (bundan 102 yil oldin) – O‘rta Osiyo Iqtisodiy kengashi Prezidiumi majlisida baliqchilik sanoati masalasi muhokama qilindi. Majlisda baliqchilik inspeksiyasi vakilining Orol dengizida baliqchilik sanoatining ahvoli haqidagi ma’ruzasi tinglandi. Ma’ruzada ta’kidlanishicha, davlat organlarining Orol dengizidagi baliqchilik sanoatiga e’tiborsizligi oqibatida sanoat korxonalari xususiy shaxslar qo‘liga o‘tib, ular istagan darajada texnika vositalaridan va hatto baliqchilardan ham foydalanayotgani, tutilgan baliqlar esa chetdan kelgan savdogarlar tomonidan sotib olinayotgani, buning oqibatida esa korxonalar yomon va qarovsiz ahvolga tushib qolgani ma’lum bo‘ldi.

1930 yil (bundan 95 yil oldin) – O‘zbekistonda Toshkent dekret vaqti joriy etildi. Shu kuni qabul qilingan qarorga ko‘ra soat millari 1 soat oldinga surib qo‘yilishi belgilandi. O‘sha vaqtdan boshlab O‘zbekistonda vaqt o‘lchovi 2 mintaqa, ya’ni Toshkent va Samarkand vaqti doirasida olib borilgan. 1991 yil apreldan O‘zbekiston hukumatining maxsus qarori asosida dekret vaqti bekor qilinib, bir xil mintaqa vaqti qabul qilindi, ya’ni soat millari 1 soat orqaga surildi.

1932 yil (bundan 93 yil oldin) – Toshkent va Samarqand yozuvchilarining qo‘shma majlisi o‘tkazilib, unda Yozuvchilar uyushmasini tuzish lozimligi haqida kelishib olindi. Majlis oxirida Rahmat Majidiy raisligida tashkiliy qo‘mita tuzildi. Yo‘qsil yozuvchilar uyushmasining organi sifatida nashr etilib kelingan “Qurilish” jurnali bo‘lajak yozuvchilar uyushmasining “O‘zbekiston sho‘ro adabiyoti” nomli jurnaliga aylantirildi.

1994 yil (bundan 31 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasini muomalaga kiritish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga asosan 1994 yilning 1 iyulidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida 1000 so‘m-kuponga bir “So‘m” nisbati bilan O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasi – “So‘m” muomalaga kiritildi.

1994 yil (bundan 31 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirishni ta’minlash yuzasidan davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

1997 yil (bundan 28 yil oldin) – Parijdagi Marini teatrida “Buyuk Ipak yo‘li” spektakli bilan O‘zbekiston Madaniyat kunlari ochildi. U Buxoro va Xivaning 2500 yilligi munosabati bilan YUNESKOning yubiley tadbirlari doirasida o‘tkazildi. Shu kuni Buxoro va Xivaga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi, YUNESKO bosh qarorgohida O‘zbekiston san’at ustalari konserti bo‘ldi.

2004 yil(bundan 21 yil oldin) – Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida strategik sherikchilik to‘g‘risida bitim imzolandi. 15 moddadan iborat mazkur bitim o‘zaro havfsizlikni ta’minlash, global tahdidlarga qarshi harakat qilish, siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan strategik sherikchilikning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qiladi.

2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining samarali davom ettirilishini ta’minlash, xorijiy davlatlar bilan o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish hamda mamlakatimizning xalqaro maydonda nufuzi va obro‘sini yanada oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi joriy etildi.

2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonunning maqsadi davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA