Mamlakatimizda bojxona organlari tomonidan pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi keskin kurash olib borilmoqda.
Jumladan, Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi DXX va Milliy gvardiyaning Sirdaryo viloyati boshqarmalari hamda Sirdaryo viloyati IIB YPX xodimlari bilan hamkorlikda Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani hududida pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida kuzatuvga olingan O‘zbekiston fuqarosi M.I. boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtomashina Sirdaryo viloyatidagi “Oqoltin” YPX maskanida to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, avtomashina saloni va yukxonasida xorijda ishlab chiqarilgan, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra qiymati 34,8 mln. so‘mlik, jami 73 452 dona pirotexnika vositasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Sh.Suyarov, O‘zA