Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qariyb 30 yillik tajribaga ega fermer ayol agrar sohada izlanishdan charchamaydi
16:03 / 2023-10-18

Bugungi kunda yurtimiz ayollarining barcha soha va tarmoqlardagi ishtirokini kengaytirish, ularning faolligini oshirish, ish bilan bandligini ta’minlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi islohotlar natijasida xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi ishtiroki kengaymoqda, boshqaruv va rahbarlik lavozimlaridagi ulushi ham yildan-yilga ortib borayotir.

Ayniqsa, qishloq joylarda istiqomat qiladigan xotin-qizlarimiz orasida eng yirik soha bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sektorlarida faoliyat olib borayotganlari talaygina. Yurtimizdagi mavjud 85 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklarining 6,5 foiziga ayollar rahbarlik qilmoqda.  

Ana shunday fermer ayollardan biri — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanidagi “Orzu” fermer xo‘jaligi raisi, “Yil ayoli” ko‘rik-tanlovi sohibasi Xolzoda Soliyeva qariyb 30 yildan buyon qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qilib keladi.  

Fermer opa bilan suhbatimiz fermerlik faoliyatidagi yutuqlar, kelgusidagi rejalari xususida kechdi.  

—  “Orzu” fermer xo‘jaligimizni 1994 yilda tashkil etganmiz. Asosiy yo‘nalishimiz paxta va g‘alla yetishtirish hisoblanadi, — deydi Xolzoda Soliyeva. — 2017 yilda Prezidentimizning tegishli farmoniga asosan, fermer xo‘jaligimizni keng tarmoqli xo‘jalikka aylantirdik. Hozirda xo‘jaligimizning 100 gektar yer maydonida paxta, g‘alla, chorvachilik, qushchilik, dorivor o‘simlik plantatsiyasi yo‘nalishlarida ish olib bormoqdamiz.  

2023 yili mart oyida Jahon bankining Orolbo‘yi mintaqasining iqlimini yumshatishga qaratilgan loyihasi bo‘yicha o‘z biznes-rejam bilan qatnashdim. Bunda 600 million grant yutib oldim va ushbu mablag‘ evaziga 8 gektar yer olib, bog‘ barpo etdik. Ovuldagi 13 ta kam ta’minlangan oila vakillarini ish bilan ta’minladik.  

— Fermer xo‘jaligingizda jami qancha ishchi bor?  

— Fermer xo‘jaligimizda jami 65 nafar ayol-qiz ishchilarimiz ishlashadi. Ovul aholisining aksariyati asosan mavsumiy ishlar bilan band bo‘ladi. Ularni doimiy ish bilan ta’minlash maqsadida bir qator rejalarni niyat qilib turibmiz. Xususan, 2024 yilda kam ta’minlangan oilalarning 14 nafar xotin-qizlariga 40 sotixdan bog‘ ajratib berishni rejalashtiryapmiz. Bu bog‘ hosilga kirgunga qadar uning ichida poliz va sabzavot ekinlarini ekib foydalanish mumkin. Bu esa ayollarimizga o‘z oilasiga daromad olib kirish imkonini beradi.  

— Suv tanqisligi sharoitida yer bilan ishlashda qiyinchiliklar yuzaga kelmayaptimi? Bu borada qanday choralar ko‘rayapsiz?  

– Albatta, suv tanqisligi yildan-yilga ortib bormoqda. Mavjud vaziyatni inobatga olgan holda 2024 yilda yer maydonlarimizda tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilishni rejalashtiryapmiz. Buni 600 million grant mablag‘larimiz hisobidan amalga oshiramiz.  

— Kelgusida yana qanday yangiliklarni amalga oshirishni maqsad qilyapsiz?  

— Prezidentimiz bir tashrifi davomida “ovul xalqining turmush darajasini yuksaltirishimiz kerak, buning uchun ovulga sanoatni olib kirish kerak”, degan edilar. Davlatimiz rahbarining ushbu fikrlardan ruhlanib, bank krediti hisobidan ovulimizda un zavodi qurishni rejalashtiryapman. O‘zimizda ungan bug‘doyni qayta ishlab, un tayyorlash hamda non va non mahsulotlarini tayyorlab sotishni yo‘lga qo‘yish niyatidaman. Un zavodini barpo etsak, chorvachilikni rivojlantirish uchun yem bazasini shakllantirishga ham imkon beradi. Bundan tashqari, ovul xalqini yil-o‘n ikki oy davomida ish bilan ta’minlash imkoniyati yuzaga keladi.  

— Agrar sohada ishlash ayol kishiga qiyin emasmi?  

— 29 yildan buyon qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat olib boraman. O‘zim shu sohada texnikumni tugatib, ish boshlaganman. Yurtimizda biz ayollarga yaratilgan keng imkoniyatlardan foydalangan holda yangidan-yangi natijalarga erishishga, faol bo‘lishga intilaman. 2021 yilda “Yil ayoli” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida ishtirok etib, Prezident sovg‘asi — Jentra avtomobili bilan mukofotlandim. Bu ushbu sohadagi faoliyatimga yanada g‘ayrat bag‘ishladi.  

Qishloq xo‘jaligi sohasidagi barcha erishgan natijalarim va yutuqlarimda, albatta, oilamning ko‘magi katta. Ayniqsa, turmush o‘rtog‘im xo‘jalik ishlarimizda doim qo‘llab-quvvatlab keladi. O‘zlari biologiya bo‘yicha fan nomzodi. Shuning uchun ham o‘z tajribasidan kelib chiqib, agrar yo‘nalishdagi ishlarimizda yordam beradi. Endilikda o‘g‘lim ham qanotimga kirib, ishlarimizni davom ettirishda ko‘makdosh bo‘layapti. Umuman, bugun biz xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan ehtirom va e’tibor yanada g‘ayrat bilan ishlashga, yangi g‘oyalarni tatbiq etishga undaydi.  

Muhtarama Komilova suhbatlashdi.

O‘zA