2020 yil 27 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi.
Farmon va ijro
Ushbu farmon ijrosidan ko‘zlangan maqsad davlat ishtirokidagi korxonalarda iste’molchiga yo‘naltirilgan zamonaviy boshqaruv usullari, ochiqlik, shaffoflik va bozor tamoyillarini jadal joriy etish, tannarxni pasaytirish orqali daromadlarni oshirish, islohotlar jarayonida xususiy kapital uchun kengroq imkoniyatlar yaratish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va raqobat muhitini yaratishga imkoniyat ochishdir.
– Shu yilning 28 oktyabr kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar belgilab olindi, – dedi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Davlat aktivlarini savdoga chiqarish departamenti rahbari Nodir Arziqulov. – Iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirishga doir aniq takliflar ishlab chiqish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri boshchiligida 8 ta ishchi guruh tashkil etilgan edi. Mazkur ishchi guruhlarga davlat ishtirokidagi har bir korxona faoliyatini tanqidiy o‘rganib chiqib, ularni 4 ta toifaga bo‘lish va har biri bo‘yicha 2020 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar hamda ularning mas’ul ijrochilari va bajarish muddatlari aniq ko‘rsatilgan “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatilgan. Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Ishchi guruhlar tomonidan samarasiz foydalanilayotgan deb topilgan 2965 ta davlat ishtirokidagi korxona faoliyati o‘rganildi.
– Farmon bilan korxonalarda korporativ boshqaruv va moliyaviy audit joriy etiladi, – dedi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Davlat ulushi mavjud xo‘jalik jamiyatlarida korporativ munosabatlar departamenti rahbari Alisher Miraliyev. – Bunda 39 ta davlat ishtirokidagi korxonalar kiritilgan. Jarayonda korxonaning tizim tashkilotlari ro‘yxatini, ularning moliyaviy ahvoli, daromadliligi, korxona faoliyati sohasiga muvofiqligi, korxonaning bo‘sh turgan, ixtisosli bo‘lmagan aktivlari ro‘yxatini va ularni saqlash xarajatlari, korxona kuzatuv kengashi va ijroiya organi tarkibini tahlil qilish, jumladan, mustaqil a’zolar va xorijiy mutaxassislar mavjudligi kabi talablar asosida korporativ boshqaruvni joriy etish ishlari amalga oshiriladi. Moliyaviy audit tashkil etish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, korxonalarda moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash bo‘yicha alohida bo‘linma joriy etish, Xalqaro kredit reytinglarini olish grafigini ishlab chiqish, shuningdek, har bir korxona bo‘yicha moliyaviy sog‘lomlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish hamda o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish kabi bir qator vazifalar qo‘yilgan.
Shu bilan birgalikda, davlat aktivlarini sotish jarayonlarining shaffofligini ta’minlash ham muhim masalalardan. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 19 fevraldagi farmoniga asosan davlat mulki ob’ektlarini sotish bo‘yicha savdolar “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida amalga oshiriladi.
Tartibga ko‘ra, davlat ko‘chmas mulki ob’ektlarini sotish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va o‘z vakolatlari doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari (umumiy maydoni 2000 kvadrat metrdan ortiq, lekin 5000 kvadrat metrdan ko‘p bo‘lmagan), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining (umumiy maydoni 2000 kvadrat metrgacha) qarorlariga asosan “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida tashkil etiladi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi direktori Muhiddin Xo‘jayevning ma’lum qilishicha, Elektron onlayn-auksionlarda qatnashishning ham ma’lum talablari bor. Unda dastlab ro‘yxatdan o‘tish, akkautni aktivlashtirish, bank orqali depozit hisobvarag‘ini to‘ldirish, elektron raqamli imzo olishga ariza berish kabilar shular jumlasidandir. Davlat mulki ob’ektlarini sotish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 16 iyundagi 454-son qarori asosida amalga oshiriladi. Bunda baholangan narxi bo‘yicha davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari 2 oy davomida narxni oshirib borish shaklida savdolarga chiqariladi. Deylik, ushbu belgilangan muddatda davlat mulki ob’ektlari sotilmasa, davlat mulki ob’ektlarini savdoga qo‘yish narxini bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmi qo‘llaniladi. Auksionga qo‘yilgan boshlang‘ich narxining 50 foiziga yetguncha, har 15 kunda auksionga qo‘yilgan boshlang‘ich narxdan 10 foizga kamaytirilishi mumkin.
Ta’kidlash kerakki, Prezidentimizning "Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni yurtimizda investitsiya muhitini yaratish, xususiy mulk egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga yana bir imkoniyat eshigini ochadi. Davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatida ham zamonaviy boshqaruv usullari, ochiqlik, shaffoflik va bozor tamoyillarini jadal joriy etish, yana eng muhimi, jarayonga xususiy kapitalni jalb qilish imkonini yaratib, iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish evaziga raqobatbardoshlikni ta’minlashda ushbu hujjat ijrosi juda muhimdir.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA