Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Qariyb 15 yilgacha ota-ona diydorini ko‘rolmagan paytlarimiz bo‘ldi”
19:44 / 2022-07-25

Inson tug‘ilibdiki, kindik qoni to‘kilgan zamindan, yaqinlaridan, azizu mukarram ota-onasiyu og‘a-inisidan ayro yashay olmaydi. Yaqinlarini bir muddat ko‘rmasa, yuzma-yuz o‘tirib, diydoriga to‘yolmasa, dildan suhbat qurolmasa, qalbining bir cheti kemtikdek, huvillab qolgandek tuyulaveradi. Inson zoti o‘zi shunday yaralgan — yaqinlari bilan birgalikda bus-butun his qiladi o‘zini, olis ketsa, ota-ona bag‘riga, ona tuprog‘iga talpinaveradi...

Toshkent shahrida istiqomat qilayotgan Mukarrama Xudoyorova asli Tojikiston Respublikasining Tursunzoda rayonida tug‘ilib o‘sgan. Hisor rayoniga turmushga chiqib, farzandli bo‘ldi. Keyinchalik taqdir taqozosi bilan Toshkentda yashash, ishlash nasib etdi. 35 yildirki, azim shaharda oilasi, farzandlari, nevaralari bilan baxtiyor, xotirjam yashaydi. O‘zi sevgan ta’lim sohasida faoliyat olib boradi.

Ammo Mukarrama opa va turmush o‘rtog‘i yaqin-yaqin yillargacha o‘z yaqinlarini bemalol borib ko‘rib kelishga, o‘zlari xohlagan paytda ota-ona ziyoratiga borishga juda qiynalishgan. O‘z yurtiga hatto yillar davomida borolmay, qarindoshlarining yaxshi-yomon kunlarida birga bo‘lolmay, azob chekishgan. Birgina borish uchun ham necha sutkalar, haftalar, hatto oylar davomida rasmiyatchilik, xat-hujjat ketidan ovorai sarson bo‘lishgan.

– O‘z yaqinlaringdan, ota-onangdan olisda yashab, ularning diydorini xumor qilganda ko‘ngling bir o‘ksisa, birgina borib kelish ming azob ekanligi yanada ayanchli, o‘zingga bog‘liq bo‘lmagan imkonsizlik qalbingni battar o‘rtaydi, – deydi Mukarrama opa yaqin yillargacha azobda o‘tgan kunlarini xotirlab. – Buni boshidan o‘tkazmagan odam o‘zingizchalik his qilmaydi – ehhe, qo‘yaverasiz, ne kunlarni ko‘rmadik. Hatto 15 yil davomida tug‘ilib o‘sgan makonimizga borolmagan paytlarimiz bo‘ldi...Otam va qaynotam vafot etganlarida “viza” bilan amallab borganmiz. Ruxsatnoma olish uchun ham qancha ovoragarchiliklar bo‘lardi. “Viza” chiqishi uchun ham 15 kun – bir oy kutilardi. Chiqsaku, xo‘p-xo‘p, chiqmay qolsa, undan yomoni yo‘q edi. Ruxsatnoma juda uzog‘i bilan bir oygacha berilardi. Agar undan ortiq qolib ketsangiz, albatta, javobgarlik belgilanib, taqiq qo‘yiladi.

Yillar davomida bu kabi sarsongarchiliklarning qanchasini boshimizdan kechirdik. Qo‘shni davlatlar bilan chegara masalasidagi qiyinchiliklar biz kabi ko‘plab insonlarni qarindosh-urug‘lar diydoridan, yaxshi-yomon kunlarda birga bo‘lishdan mosuvo qilgan.

Xuddi biz kabi Toshkentda yashaydigan asli tojikistonlik bir tanishimizning onasi o‘tib qolgan. Ammo bechora farzand onasini so‘nggi yo‘lga kuzatolmadi, janozaga borolmadi. Bu yoqda xabar topgan tanish-bilish, qo‘ni-qo‘shni ta’ziya izhor qilishga yig‘ilishgan va mayit qabrga qo‘yilishini telefonda kutib turishgan. Mayit qabrga qo‘yilgandan keyin fotiha ochilib, ta’ziya qabul qilingan edi. Endi u insonning o‘sha paytdagi holatini, o‘zidan o‘tganlarini faqat o‘zi va Yaratgan biladi, xolos...

Shukrki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qo‘shnilar bilan chegaralar ochildi, bordi-keldilarimiz bemalol bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining bu haqdagi fikrlarini yig‘lab eshitganman o‘shanda. Inson sifatida qadrimiz borligini his qilganman. O‘rta Osiyo davlatlari uchun chegaralar ochilganini Prezidentimizning eng katta xizmatlaridan biri, deb bilaman.

Hozirda Tojikiston Respublikasi bilan 3 ta chegara posti kechayu kunduz ishlaydi. Yaqinda bir guruh qarindoshlarimiz o‘zlarining shaxsiy mashinasi bilan kelib, O‘zbekistonimiz bo‘ylab sayohat qilishdi. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlarni ziyorat qilib, xursand bo‘lib ketishdi. Hozirgi kunda tartiblar yengillashtirilib, 10 sutkagacha ruxsat berildi. Biz bundan juda mamnun va baxtiyormiz. O‘tgan davrda boshimizdan kechirgan barcha armonlarimiz, azoblarimiz aridi, – deydi ko‘zida quvonch yoshlari bilan Mukarrama opa.

Darhaqiqat, yaqin qo‘shnilar bilan o‘tdi-qaytdi masalasidagi cheklovlar ko‘plab fuqarolarni yillar davomida azoblab kelgani sir emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qo‘shnilarimiz – Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stona, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashga kirishildi. Bu xorijiy davlatlar, xalqaro ekspertlar tomonidan ham e’tirof etilib, Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlari faollashgani Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti sifatida ish boshlagan davr bilan bog‘liq ekanligini qayd etishadi.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan ochiq, konstruktiv, puxta o‘ylangan va pragmatik siyosati nafaqat oddiy insonlar hayotida bo‘y ko‘rsatdi, balki buning natijasida suvdan foydalanish, O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, transport kommunikatsiyalaridan foydalanish, davlat chegaralarini kesib o‘tish kabi murakkab va chalkash muammolarga yechim topildi. Bu, eng avvalo, davlatimizning ochiq va insonparvarlik siyosati samarasidir.

Bir so‘z bilan aytganda, bugun Mukarrama opa singari minglab fuqarolar Prezidentimiz tashabbusi ko‘magida qon-qarindoshlik rishtalarini qayta tikladi va yanada mustahkamladi, inson qadri hamma narsadan ustun ekanligini his qildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA