Shaxsiy manfaat ko‘zlagan ayrim fuqarolar xorijdan qalbaki valyuta qimmatliklarini olib kelib, muomalaga kiritish orqali mo‘may daromad topishga urinmoqdalar.
Qalbaki banknotlarning muomalaga chiqarilishi davlatning iqtisodiy xavfsizligiga tahdid sanaladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda Sergeli tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1974 - 1982 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 4 nafar fuqaro 100 ming qalbaki AQSH dollarini 70 ming AQSH dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, ulardan birining yashash xonadonidan ham 10.950 qalbaki AQSH dollari tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 176-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar valyuta ayirboshlash masalasida bank muassasalariga murojaat qilishlaringizni so‘rab qolamiz.
O‘zA