Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikoh qonun bilan taqiqlanishi mumkin
17:51 / 2021-03-10

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasining videokonferensaloqa tarzida majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda Senatning o‘n uchinchi yalpi majlisida muhokama qilinishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi. Xususan, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilinib, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga qo‘shimcha vazifalar belgilab berilgan edi. Majlisda mazkur vazifalarning ijrosiga e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, qiz bolani barvaqt turmushga berish va qarindosh-urug‘lar o‘rtasida nikoh qurilishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining axboroti eshitildi. Bu bo‘yicha vazirlik boshqarma boshlig‘i Mukarram Nurmatova axborot berdi.

Qayd etilishicha, jamiyatda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, erta turmush va erta tug‘ruq holatlari hamda oilaviy ajralishlarning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan tadbirlarning samaradorligini baholash mexanizmi ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, viloyatlar va tuman (shahar)larda Xotin-qizlar hamda Nuroniylar jamoatchilik kengashlari, qolaversa, har bir mahallada fuqarolar yig‘inining “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi”, “Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmasi, “Keksalar maslahati” guruhlari va “Buvijonlar maktabi” kengashlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Aholi va yoshlar o‘rtasida nikoh va oila huquqi, oila ma’naviyati, oila ma’rifati, noqonuniy nikoh, erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning salbiy oqibatlari to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ibot qilindi.

– Qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, shuningdek, qizlarni erta uzatish holatlari hamon kuzatilyapti, – deydi M.Nurmatova. – Buning salbiy oqibatlari ushbu masalaga yanayam chuqurroq va mas’uliyat bilan yondashish lozimligini ko‘rsatadi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bu yo‘nalishda mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda tegishli dastur asosida ish olib boryapti. Oldin faqat o‘rganish va ma’lumot yig‘ish ishlari olib borilgan bo‘lsa, bugungi kunda shunaqa holatlar aniqlangan oilalarga kirib, uning sababini individual aniqlab, unga choralar ko‘rish bo‘yicha ishlar qilinmoqda. Uning samarasi o‘laroq, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan erta nikoh ancha kamaygan. Ya’ni uch oyda 13 ta erta nikoh holati qayd etilgan. Lekin erta tug‘ruq holati bittaga oshgan. 75 nafar erta tug‘ruq qayd etilgan. Eng achinarlisi, bularning orasida 14-15 yoshdagi yosh qizlar ham bor. 

Buning sabablari o‘rganilganda nosog‘lom oilalarda, otasi yoki onasi xorijga chiqib ketgan oilalar farzandlari ko‘pincha bu holatga yo‘l qo‘ymoqdalar. Bu aniq raqamlar emas. Bu boshqa davlatlarda shaxsiy o‘zining ishi, deb qaraladi yoki jinoiy javobgarlik belgilanmagan. Biz milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizdan kelib chiqib buning oldini olishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Hozirda har bir maktabda Ayollar maslahat kengashi tashkil qilingan. Bu yerga nafaqat ayollar, balki mana shunday muammolar girdobiga tushib qolgan qizlar ham boradi. Ular hech kimga dardini aytolmaydi. Shu paytda maslahat kengashlariga borib, murojaat qilishi mumkin. U yerda hatto psixologik trening o‘tkazish xonalari ham bor. Shu bilan birga, qarindosh-urug‘ o‘rtasidagi nikoh ham bugungi kunda og‘riqli masalalardan biri. Bu bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqsak, ko‘p davlatlarda qarinshdosh-urug‘ o‘rtasidagi nikoh taqiqlangan. Shu sababli bizda ham qonun bilan buni taqiqlash vaqti keldi. Biz bu bo‘yicha har kuni targ‘ibot qilsakda, baribir holatlar kamaymayapti. Qanchadan-qancha majruh bolalar tug‘ilyapti. Buning oldini olish kerak.

Majlisda bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlarga urg‘u berildi. Mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

 

Nurillo NASRIEV, O‘zA