Keksa avlod vakillari pensiya yoshiga yetgach, ba’zida qarilikni bahona qilib, jamiyat hayotidan yiroqlashadi. Biroq shunday otaxonu onaxonlar ham borki, mahalla va oilalar tinchligi hamda hamjihatligini saqlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, yosh avlod tarbiyasiga faol hissa qo‘shmoqda.
Bugun Xorazmda qaysi mahallaga bormang, u yerda nuroniylarning o‘z o‘rni, aytar so‘zining salmog‘i bor. “Qari bilganni pari bilmas”, degan gap bejizga aytilmagan. Ularning hayot tajribasi, ro‘zg‘or past-balandini yaxshi bilishi yoshlar uchun maktab vazifasini o‘tamoqda.
Xonqa tumanida ham nuroniylar yurtimiz obodligini tilab, muborak Ramazon oyi munosabati bilan muqaddas qadamjolar, ko‘cha va xiyobonlarni obodonlashtirishda yoshlarga yo‘lboshchi bo‘lmoqda.
Ikki yuz mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan tumanda oilalar totuvligini mustahkamlash, yoshlarni xalqimizning ko‘p asrlik an’analariga hurmat ruhida tarbiyalash hamda bandlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 44 ta mahalla fuqarolar yig‘inida tartibli va xavfsiz muhitni ta’minlash, shuningdek, migratsiya jarayonlarini tizimli yo‘lga qo‘yishda nuroniylar “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.
[gallery-27775]
Xususan, Mustaqillik mahallasida ham har bir ko‘chada ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, aholi o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlash hamda milliy urf-odatlar va qadriyatlar asosida hashar ishlarini samarali tashkil etish maqsadida nuroniylar har bir ko‘chaga biriktirilgan.
– O‘zim 84 yoshdaman. Menga “Ahillik” ko‘chasidagi 54 ta xonadon biriktirildi, – deydi nuroniy otaxon Matmurod Davletov. – Ushbu xonadonlarning har birining qozonida nechta “guruch” qaynayotganini bilaman. Chunki, ularning barchasi har bir ishda men bilan maslahatlashadi. Xorijda yurganlari bilan ham aloqadaman. To‘ymi, ma’rakami va boshqa tadbirlarmi bularning bari mening ruxsatim bilan bo‘ladi. Har qanday tadbirni kamchiqim qilishga harakat qilamiz. Mahallamizni obod qilishda yoshlarning o‘zi juda tashabbuskor. Meni bu borada ularga topshiriq berishim shart emas. Ko‘chamizdagilar asosan dehqonchilik, tadbirkorlik va hunarmandchilik bilan shug‘ullanadi. Kambag‘al va nochor oilalarimiz deyarli mavjud emas. Yoshlarmiz ilm va hunar o‘rganadi, kattalari ishlaydi.
Darhaqiqat, nuroniylar yetakchilik qilgan har qanday tashabbusda baraka va fayz seziladi. Bugun mahallalarda “Yangi O‘zbekiston qiyofasi”ni shakllantirish jarayonida ham ularning boy hayotiy tajribasi, yuksak ma’naviy salohiyati va jamoatchilik orasidagi obro‘-e’tibori muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasining mahallalar faoliyatini yanada samarali tashkil etishda mahalla fuqarolari yig‘ini raisi, uning keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchisi, “Mahalla yettiligi”, “Keksalar maslahati” guruhining hamkorlikdagi faoliyatini tizimli ravishda amalga oshirilishini ta’minlash to‘g‘risidagi qo‘shma qarori joriy yil 30-yanvar kuni qabul qilindi, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi o‘rinbosari Erkin Otajonov. – Hozirda viloyatimizda 6 ming 910 ta ko‘cha bo‘lib, yuqoridagi qo‘shma qaror bo‘yicha barcha ko‘chaga nuroniylarimizni biriktirganmiz. Ularni biriktirishdan asosiy maqsad mahallalarda nafaqat tartib-intizomni saqlash, balki yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ko‘chalardagi obodonlashtirish ishlari, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini tartibga solish, nizoli va ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan individual suhbatlar o‘tkazib, ularni yarashtirish, uyushmagan va tarbiyasi og‘ir yoshlarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, ularga milliy qadriyatlarimizni singdirish va hududlardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishdan iborat.
Bugun keksalik gashtini surayotgan xorazmlik nuroniylarga har kim havas bilan qaraydi. Zero, ular necha o‘n yillar davomida mahalla ahli bilan yelkama-yelka turib, quvonch va tashvishlarni birga baham ko‘rib kelmoqda. Ana shunday hayotiy tajribaga ega keksa avlod vakillari ayni paytda ham jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotir.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (Surat) O‘zA muxbirlari