Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qarg‘ishga loyiq ish qilayotganlar: bu kim uchun rohat va kim uchun kulfat?
12:58 / 2020-11-25

Xalqimiz bugungi murakkab zamonda urf-odatga kirib borayotgan ba’zi unsurlar orqali o‘zining ijobiy xislatlaridan ayrimlarini yo‘qotayotgandek namoyon bo‘lmoqda.

Bunga misol, tariqasida keng nishonlanayotgan bayram, tantana va boshqa quvonchli kunlarni olaylik. Ota-bobolarimiz ko‘ngilochar marosimlarni odmiroq o‘tkazganlar. Hozir esa xalqimiz madaniyati va urf-odati, e’tiqodiga xos bo‘lmagan tarzda hech bir foydasiz, salbiy oqibatlar va isrofgarchiliklar keltirib chiqaruvchi «o‘zboshimcha» mushakbozliklar odat tusiga kirdi.

Vaholanki, yurtimizda nishonlanayotgan bayram tantanalarida kamida 20-30 daqiqalik mushakbozliklar jilosi bilan eng rivojlangan davlatlardagi shodiyonalardan qolishmayapti.  

Ammo, ming taassufki, oxirgi yillarda ayrim madaniyatsiz oilalar, turli bayram tadbirlarini mahallalarda o‘zboshimchalik bilan mushakbozlik va shovqiniga chidab bo‘lmas holatda o‘tkazmoqda.  

Bu – kattalar, ota-onalar tomonidan yoki ularning bevosita ishtirokida amalga oshirilayotgani yanayam ayanchli. Qo‘lbola va xavfsizligi noma’lum paqildoqlar, petardalar, feyerverklar va "bombacha"lardan foydalaniladigan mushakbozliklar bayram, to‘y-bazmlarning asosiy unsuriga aylandi.

Mutaxassislarning fikricha, pirotexnika vositalari tez yonadigan moddalardan tayyorlanadi va ularning deyarli barchasi yong‘in chiqish xavfi yuqori bo‘lgan buyumlar hisoblanadi.  

Pirotexnika – maqsadiga ko‘ra, texnik va maxsus maqsaddagi pirotexnika buyumlaridan foydalanish (xavflilikning III-V klasslari) va maishiy (xavflilikning I-II klasslari) turlarga bo‘linadi va barchasidan litsenziya orqali foydalanish belgilangan.  

Bugun o‘zboshimchalik bilan qo‘llanilayotgan pirotexnikaning aksariyati hattoki ishlab chiqarilgan davlatning o‘zida sertifikatga ega bo‘lmagan kontrafakt mahsulotlardir. Achinarlisi, to‘y-bayram, ko‘ngilochar tadbirlarda pirotexnikaning qo‘lbola, texnik va maxsus turidan foydalanishiga yo‘l qo‘yilmoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, bunday mahsulot va vositalarning qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, respublikaga olib kirishga qarshi kurashish borasida bojxona organlari tomonidan jiddiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.  

Birgina 2019 yilda pirotexnika vositalarning bojxona chegaralaridan noqonuniy olib o‘tilishi bilan bog‘liq 310 ta holatda qiymati 4,7 mlrd. so‘mlik, 4,3 mln. dona, shuningdek, joriy yilda 100 ta holatda  

2 mlrd. so‘mlik, 2,6 mln. dona feyerverk, salyut, petarda, xlopushka kabi ziyonkor paqildoqlar ushlab qolindi.

Holatlar yuzasidan misollar keltirmoqchiman. Masalan, 2020 yil 20 noyabr kuni to‘xtatilib ko‘zdan kechirilgan O‘zbekiston fuqarosi U.K.A boshqaruvidagi “Isuzu” rusumli avto ulovda qiymati 303 mln. so‘mlik, 6 xil turdagi 315 ming 417 dona pirotexnika vositalari olib aniqlangan va daliliy ashyo sifatida olingan.

2020 yil 1 sentyabr kuni Andijon viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan Buloqboshi tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘shni davlat fuqarosi S.Satimov chegara hududi orqali 8 dona qutilarga solingan 52,2 mln. so‘mlik, 300 dona pirotexnika vositalarini olib o‘tmoqchi bo‘lgan vaqtda ushlandi.

2020 yil 27 oktyabr kuni Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi tezkor xodimlari Jizzax viloyati Paxtakor tumani hududida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida O‘zbekiston fuqarosi Sh.Shavkatov boshqaruvidagi «Lasetti» rusumli yengil avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganda, avtomashinada hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 4 turdagi 100 mln. so‘mlik 120 ming donadan ortiq salyutlar va pirotexnika mahsulotlari aniqlangan.

2020 yil 7 noyabr kuni Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tezkor xodimlar tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida Sh.Azizovga tegishli «yama» sifatida noqonuniy kirib kelgan tovarlarni saqlashga mo‘ljallangan Toshkent shahar Mirobod tumanidagi xonadon ko‘zdan kechirildi.  Tadbir natijasida mazkur xonadondan qiymati 300,2 mln. so‘mlik, shundan 265,0 mln. so‘mlik 30 ming donaga yaqin dona pirotexnika vositalari hamda 35,0 mln. so‘mlik 2427 quti tamaki mahsulotlari olindi. Barcha holatlar yuzasidan jazoning muqarrarligi ta’minlandi.

Bunday vositalarga, «to‘qlikka sho‘xlik» deganlaridek, talab va taklifning borligi noqonuniy savdo ortidan cho‘ntagini qappaytirish, harom boylik orttirishga urinayotgan, qonundan va Yaratganning qahridan qo‘rqmayotgan, tinchlik-salomatlik kabi bebaho boyliklarning qadrini bilmaydigan shaxslarga qo‘l kelmoqda.

Natijada to‘y-tantana, bayramlar azaga aylanib, qayerdadir yong‘in sodir bo‘lgan, kim tan jarohati olgan, kim kuyib qolgan, kimning ko‘zi ko‘r bo‘lgan, kimning qo‘llari yoki barmoqlari uzilgan, bolasi bilan shifoxonada tong ottirgan, kimning yuragi xuruj qilgan. Bunday noxush oqibatlarni ko‘plab keltirish mumkin.

Suhbatdosh bo‘lgan tibbiyot xodimlarining xulosasiga ko‘ra, paqildoqning bexosdan qattiq portlashi kishini cho‘chitishga sabab bo‘lgani bois yurak-qon tomir tizimiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.  

Kishilarning fojiali o‘limdan tashqari tananing yuz, ko‘z, qo‘l sohalarida og‘ir chuqur kuyish jarohatlari, ko‘zlarning shikastlanishi, ko‘rish faoliyatining qisman yoki butunlay buzilishi, jarohat asorati bilan bog‘liq plastik operatsiyalarga muhtojlik, kuygan sohalarida dag‘al chandiqlar, qo‘l barmoqlari sohalarida kontrakturalar hosil bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Ijtimoiy nuqtai nazardan qarasak, ertaga kelin-kuyov bo‘ladigan zabardast yoshlar nogironlik tamg‘asini olib, «aybdor» bo‘lib qolmoqdalar.

Pirotexnika vositalari shovqinidan qattiq qo‘rqish oqibatida sodir bo‘ladigan ruhiy buzilish, eshitish, surunkali asab va qon tomir tizimi kasalliklari, qandli diabet, homilaga ziyon yetishi va boshqa kasalliklarga chalinish mumkin. Ko‘pchilik hollarda kutilmaganda yaqin masofada pirotexnikaning portlashidan inson barotravma va akustik jarohatlar olib, karlik yoki umrbod quloq shang‘illashi (tinnitus) kasalligiga yo‘liqadi.

Yana hayotiy misollarga qaytaylik: 2019 yil 30 dekabrda O‘rta Chirchiq tumani «Qumovul» QFYda yashovchi, 18 yashar yigitning qo‘lida pirotexnika vositasi portlashi oqibatida «chap qo‘l panja sohasida katta hajmli ezilib, yirtilishi, barmoqlar tirnoq falangasining travmatik uzilishi» voqeasi sodir bo‘lgan.

O‘tgan yili Yangiyo‘l shahri "Fayziobod" mahallasida qo‘lbola pirotexnik vositalari kuchli portlashi oqibatida oilaning yakka-yu yagona farzandi – 14 yoshli o‘smirning qo‘l-oyoqlari sochilib ketgan va jarohat tufayli o‘smir vafot etgan. Tan jarohatlari bilan bog‘liq bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

E’tiqodimizning nazariy bilimlari va suhbatdosh ulamoning fikricha, mushakbozlik muqaddas dinimizga yot. Bu amallar majusiylik, budda kabi dinlar g‘oyalari bo‘yicha «yovuz ruhlar»ni haydashga qaratilgan.

Ijtimoiy tarafdan, tinch aholiga, qo‘ni-qo‘shniga, beshikdagi go‘daklarga, bemorlarga o‘tkazilayotgan zulm va moddiy tarafdan qaralsa, oila byudjetiga zarar va o‘z mablag‘ini isrof qilishdan boshqa narsa emas.  

Xullas, bir so‘z bilan aytganda, dinda yo‘q makruh amal, og‘ir gunohdir. Bu haqda muqaddas kitobimiz Qur’on Karim oyatlarida va saxix hadislarda ko‘plab asoslar mavjud.

Islom ta’limotiga ko‘ra, Haq taolo esa insonga berayotgan ne’matlarga shukur qilish, uning roziligi uchun bir-birlariga rahm-shafqatli bo‘lishni buyurgan. Aksincha, inson haddidan oshsa, o‘zaro mehribonlik o‘rniga zulm, nafrat tarqaladi, ne’matu ilohiy marhamatlar qisqaradi.

Mushakbozliklar va pirotexnikaning ayanchli oqibatlari, insonlarning bevaqt hayotdan ko‘z yumishi, ularning sog‘ligi va turar-joylarga jiddiy ziyonlar yetkazilayotgani bois qonunchilikka qat’iy o‘zgartirishlar kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 25 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi hududida pirotexnika buyumlari muomalasini davlat tomonidan tartibga solish va nazorat qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan «Pirotexnika buyumlarini yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, realizatsiya qilish, ulardan foydalanish, ularni yo‘q qilish va utilizatsiya qilish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash to‘g‘risida»gi Nizomga ko‘ra bugun respublikada yagona “Bars sporting” MCHJga litsenziya berilgan xolos.

Maishiy maqsaddagi pirotexnika buyumlari (xavflilikning I-II klasslari) tayyorlovchining yo‘riqnomasi talablariga rioya qilish sharti bilan yakka tartibda foydalanish maqsadida fuqarolar tomonidan erkin sotib olinishi, tashilishi, saqlanishi va foydalanilishi mazkur Nizom bilan tartibga solingan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil  10 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi hududida pirotexnika vositalari aylanishini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan bozorlar, savdo komplekslari va korxonalarining rahbarlari o‘z hududlarida pirotexnika vositalari savdosi va saqlanishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortishgacha shaxsan javob berishi to‘g‘risida qat’iy ogohlantirildilar.

Barcha restoran, kafe va to‘yxona egalari tomonidan to‘y va marosimlarda fuqarolar hayotiga xavf soluvchi pirotexnikadan foydalanmaslik hamda to‘yxona atrofida yashovchi aholining tinchi buzilmasligi uchun to‘y-hashamdan so‘ng, shovqinli holatlar bo‘lmasligini ta’minlash belgilandi.  

YANA BIR MASALA...

Endi masalaning tub mohiyatiga, farzandlarimizning paqildoqlarga o‘chligi va ishtiyoqmandligi oshib borayotganligiga qarasak, buni yomon tarbiya va kishilar ongida paydo bo‘lgan ma’naviy bo‘shliq, qonunlardan qo‘rqmaslik, ularni hurmat qilmaslik, «taqiqlangan narsani o‘zida sinab ko‘rishga urinish» bilan uyg‘unlikda amalga oshirilayotganligini ko‘ramiz.

Chunki, sir emaski, avvalo bola o‘z nasliga tortadi, ota-onadagi yaxshi fazilatlar, fe’l-atvoridagi nuqsoni qusurlar farzandlarga o‘tadi. Bejizga dono xalqimizning «Qush uyasida ko‘rganini qiladi» degan ibratli maqoli paydo bo‘lmagan. Shu o‘rinda buyuk yurtdoshimiz mutafakkir Mirzo Bedilning:

Avval g‘ishtni qiyshiq qo‘yarkan me’mor,

Osmonga yetsa ham qiyshiqdir devor.

degan misralarini keltirish kifoya.

Yangi yil oldi aholi gavjum joylar, bozorlarga kirsangiz, «tog‘ni ursa talqon qiladigan» yigitlarning qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayollar va bolalarning oyog‘i ostiga paqildoqlar tashlab huzurlanishiga ko‘p martalab guvoh bo‘lganmiz. Qo‘rqib ketgan jabrlanuvchilarning esa kamida «padaringga la’nat» deb koyinishlari-yu, buralatib so‘kish yoki qarg‘ashlarini ko‘p eshitganmiz.

QARG‘ISHGA LOYIQ ISH QILAYOTGANLAR KIMLAR?

Ular beqarorlik, stress va depressiya sharoitida mafkuraviy immunitetga ega bo‘lmagan, bilimi va media-madaniyati past ota-onalar qaramog‘ida, mafkurasi zaif, oila ma’naviyati o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, g‘oyaviy tarbiyasi yetarli bo‘lmagan oilalarda xudbin, loqayd, shafqatsiz, alamzada, kaltafahm, «o‘yinqaroq», axloqsiz bo‘lib voyaga yetgan shaxslardir.

Jangari o‘yinlarni o‘ynab, jangarilik muhitida voyaga yetgan farzand qalbi qotib, yovuzlik, shafqatsizlik, zo‘ravonlik, zolimlik, toshbag‘irlikni vujudiga jo qiladi. Binobarin, Bugun begunoh go‘dak, ojiza ayol, nogiron yoki himoyasiz qariyaning oyog‘i ostiga paqildoq otib qo‘rqitgan shaxs, kerak bo‘lsa, o‘z manfaati uchun ertaga kimgadir avtomat otishga, kimningdir ustiga hattoki granata uloqtirishga shay turadi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bunday shaxslarning ongi-shuurida qat’iyatsizlik, tadbirsizlik, loqaydlik, nomardlik va jur’atsizlik, jaholat va vayronkor g‘oyalarga moyillik kabi illatlar hukm suradi. O‘ylovsizlik sabab xudbinlik, xudkushlik, bosqinchilik, talonchilik kabi jinoyatlarni bemalol sodir eta oladi.

Buyuk alloma Abu Ali Ibn Sino ta’biri bilan aytganda «Bola xulqini mo‘’tadillikda saqlashga alohida e’tibor berish kerak. ... boladagi yomon xulq turli mijoz buzilishlaridan paydo bo‘ladi».

Bunga paqildoq yoki qandaydir «jangari o‘yin» va vayronkorlik bilan emas balki, kitob bilan do‘st qilgan holda yuksak bilim, namunali odob-axloq, ma’rifat, sport, san’at va foydali mehnat bilan erishiladi.

To‘y-to‘ydek, bayram bayramdek o‘tishiga hamda yaqinlarimizning xavfsizligi, sog‘lig‘iga barchamiz birdek mas’ulligimizni unutmagan holda paqildoqlar o‘rniga qiziqarli kitoblar, shirinliklar, yaqinlarimiz uchun bayram sovg‘alari xarid qilaylik!

Habibulla Azizov,

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi

raisining maslahatchisi