O‘zbekistonda ta’lim sifatini oshirish, fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, talabalarning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash, ularni ilmiy tadqiqot ishlariga jalb etish maqsadida oliy ta’lim muassasalarida innovatsion o‘quv maydonlari, laboratoriyalar va amaliyot markazlari tashkil etilmoqda.
Bugun Qarshi davlat universitetida yangidan bunyod etilgan “Geografiya maydoni” o‘quv-amaliyot markazi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Ushbu maydoncha nafaqat talabalar uchun amaliy bilim manbai, balki hududda geografiya fanini ilmiy asosda o‘rganish va tadqiq qilish uchun muhim maskanga aylanadi.

Ushbu maydonda astronomik, meteorologik, gidrologik, geologik, topografik va kartografik burchaklar tashkil etilgan. Ularda 40 ga yaqin turli o‘quv qurollari va uskunalar joylashtirilgan. Eng oddiy gnomon qurilmasidan tortib, zamonaviy “Sokol” apparatigacha bo‘lgan uskunalar talabalar uchun xizmat qiladi.

Bu vositalar orqali talabalar kundagi quyosh balandligini aniqlash, harorat, namlik, shamol yo‘nalishi kabi ob-havo ko‘rsatkichlarini kuzatish, yer yuzasining topografiyasini o‘rganish, geologik qatlamlarni tahlil qilish, gidrologik ob’ektlar bilan bog‘liq amaliyotlarni bajarish imkoniga ega bo‘ladilar.

Markazning ochilishida universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar ta’lim jarayonida fan va amaliyot uyg‘unligiga erishishda bunday ob’ektlarning ahamiyati juda katta ekanini ta’kidladilar.

Hozirgi global iqlim o‘zgarishlari, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muammolar geografiya fanining ahamiyatini yanada oshirmoqda. Shu boisdan ham Qarshi davlat universitetida tashkil etilgan “Geografiya maydoni” nafaqat ta’lim, balki ilmiy tadqiqotlar markaziga aylanishi kutilayapti.
Talabalar bu yerda o‘zi yashayotgan hudud iqlimi, relefi, tabiiy resurslari, geoiqtisodiy holati haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘ladilar. Bu esa ularning kelgusida malakali mutaxassis bo‘lib yetishishida muhim omil hisoblanadi.
Qarshi davlat universitetida tashkil etilgan “Geografiya maydoni” nafaqat ta’lim sifatini oshirish, balki yoshlarning ilmiy faolligini, tabiatga bo‘lgan qiziqishini, milliy va global muammolarga ongli yondashuvini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri