Qarshi davlat universitetida 600 o‘ringa mo‘ljallangan yangi talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi.
Qashqadaryo viloyatidagi eng yirik, nufuzli oliy ta’lim maskanida 54 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 39 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 24 ming 431 nafar talaba tahsil olmoqda. Yoshlarning oliy ta’limga qamrovi oshib borishi bilan yotoqxonalarga bo‘lgan talab ham ortmoqda. Universitetda talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasi mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlari ichida birinchilardan bo‘lib ijobiy hal etildi.
Talabalar turar joyining qurilish ishlari uchun universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 18 milliard 285 million so‘m ajratilib, “Binokor” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan barpo etildi. Zamonaviy loyiha asosida qad rostlagan talabalar turar joyi 2 milliard 419 million 668 ming so‘mlik mebel jihozlari, muzlatkich, kir yuvish mashinalari, elektr plitalar, televizorlar va barcha zaruriy ashyolar bilan jihozlandi. Qisqa muddat ichida barpo etilgan ko‘rkam yotoqxonada talabalar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, maroqli dam olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy axborot texnologiyalari, yuqori tezlikda ishlaydigan Wi-Fi qurilmalari, barcha kerakli adabiyotlar bilan ta’minlangan o‘quv zallari, kir yuvish va dazmollash xonalari, yuvinish xonasi, oshxona hamda dam olish xonalari talabalar ixtiyorida.
[gallery-9951]
Ta’kidlash lozimki, 2021 yilda Qarshi davlat universitetida mavjud 7 ta talabalar turar joyining umumiy quvvati 1057 o‘ringa ega bo‘lib, umumiy ehtiyojning atigi 33 foizi ta’minlangan edi. So‘nggi bir yil davomida talaba-yoshlarga munosib sharoitlar yaratish maqsadida hududda keng ko‘lamda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi. Jumladan, sobiq Pedagogika kolleji va 4-akademik litseyga tegishli 2 ta tashlandiq bino universitet tasarrufiga olinib, 770 o‘rinli 2 ta talabalar turar joyiga aylantirildi. Shuningdek, 2021 yilda talabalar turar joyidagi mavjud yashash xonalari ikki yarusli kravatlar bilan jihozlanishi natijasida 9 ta talabalar turar joyida jami 2438 ta o‘rin tashkil etilib, bu umumiy ehtiyojning 83 foizini qamrab oldi.
Bugun mazkur zamonaviy talabalar turar joyining yangidan qurib foydalanishga topshirilishi natijasida talabalar turar joylari soni 10 taga yetdi va jami 3038 o‘rin yaratildi. Natijada respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari ichida birinchilardan bo‘lib Qarshi davlat universitetida talabalarni yotoqxona bilan qamrab olish darajasi 100 foizga yetdi.
Kelgusi yilda oliy ta’lim muassasasi jamoasi va talabalarga yanada qulaylik yaratish maqsadida yangidan 1000 o‘rinli zamonaviy o‘quv binosi foydalanishga topshiriladi. Ayni damda ushbu inshootda qurilish ishlari davom etmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.