Guliston shahridagi Sirdaryo viloyat musiqali drama teatrida 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan “Qardoshlik mushoirasi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining hududiy bo‘limi hamda O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining Sirdaryo viloyati bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbir turli millat va elatlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Rus, qirg‘iz, qozoq, turkman, tojik, koreys kabi milliy madaniy markazlar vakillari ishtirok etgan mazkur tadbirda 25–31 iyul kunlari viloyatning barcha hududlarida o‘tkazilayotgan “Do‘stlik” festivali doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va ularni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha rejalar muhokama qilindi.

Tadbir doirasida “Qardoshlik mushoirasi”, kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etilgan bo‘lsa, Guliston shahridagi "Amfiteatr maydonida bo‘lib o‘tgan “Do‘stlik ohanglari” shiori ostida o‘tkazilgan gala-konsert dasturlari, shuningdek, tasviriy san’at, milliy taomlar, liboslar va hunarmandchilik namunalari ko‘rgazmalari orqali xalqlar o‘rtasidagi madaniy hamkorlik va umuminsoniy qadriyatlar tarannum etildi.

– Bugun Sirdaryo viloyatida 70 dan ziyod millat va elat vakillari tinch, ahil va inoq hayot kechirmoqda, – deydi viloyat hokimligi Jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha kotibiyat mudiri Rahmonqul Narziqulov. – Ularning aksariyati Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan yoki Mirzacho‘lni o‘zlashtirish jarayonida bu yerga kelib joylashgan insonlar avlodidir. Ular uchun O‘zbekiston o‘z ona Vataniga aylangan.
Tadbir yakunida millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga hissa qo‘shgan faol fuqarolar viloyat hokimligi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

– Festival doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar kelajak sari birgalikda intilish ruhini yuksaltirmoqda, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Murod Hayitov.
Tadbirda ishtirok etganlar orasida mamlakatimizda ko‘p yillardan buyon istiqomat qilayotgan turli millat vakillari ham bor. Ulardan biri — Rus madaniy markazi rahbari, mehnat faxriysi Famina Golubsova o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashar ekan, shunday dedi:
– Urushdan so‘ng, Mirzacho‘lni o‘zlashtirish maqsadida O‘zbekistonga kelgan oila vakillarining farzandiman. Bolaligim Sirdaryoda o‘tdi. O‘zbek xalqi ko‘rsatgan mehr, bag‘rikenglik va e’tibor tufayli bu yurt men uchun Vatanga aylandi. Bugun O‘zbekiston mening yagona Vatanimdir deb faxr bilan ayta olaman.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri