-
Ozarbayjon
Bugun Ozarbayjonda ham Navro‘z. Ozar xalqi bu bayramni o‘zgacha shod-xurramlik, ko‘tarinki kayfiyat bilan nishonlaydi.
Mustaqil Ozarbayjon davlati Navro‘zning qayta tiklanishiga muhim hissa qo‘shgan. Sobiq ittifoq davrida bu ayyomni nishonlash qat’iy taqiqlangan bo‘lsa-da, ozarlar Yangi kun bilan bog‘liq an’analarni saqlab qolgan.
Navro‘zni yuksak qadrlagan buyuk yo‘lboshchi Haydar Aliyev shunday degan edi:
– Xalqimiz asrlar davomida asrab-avaylab, e’zozlab kelgan Navro‘z tarixi xuddi ozarbayjon xalqi kabi murakkab. Respublikamizda ushbu qadimiy bayram davlat miqyosida nishonlanishi milliy ildizlarimiz, urf-odat va qadriyatlarimiz, o‘tmishimizga chuqur hurmat ifodasidir.
Prezident Ilhom Aliyev ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida qutlov yozgan:
– Aziz vatandoshlar! Sizlarni Navro‘z bayrami bilan chin qalbimdan tabriklab, har biringizga bahoriy kayfiyat, sog‘lik va muvaffaqiyat tilayman.
Qirg‘iziston
Qirg‘iz Respublikasi poytaxti Bishkek shahridagi Turdakun Usubaliyev nomli Eski maydonda Navro‘z keng tantana qilinmoqda.
Tadbir tabiat uyg‘onishi, bahor kirib kelishi, yangi hayot boshlanishiga bag‘ishlangan “Kel, kuttuu Nooruzum” nomli teatrlashtirilgan muqaddima bilan boshlandi. Shundan so‘ng shahar hokimi Aybek Junushaliyev xalqqa tabrik yo‘lladi va konsertga navbat berdi.
Shuningdek, shahar aholisi va mehmonlari uchun qirg‘iz xalqining an’ana va urf-odatlariga mos ko‘ngil ochar dasturlar uyushtirilgan.
Tojikiston

– Xalqaro bayram – Navro‘z munosabati bilan Tojikiston poytaxti Dushanbedagi Umar Hayyom va Abulqosim Firdavsiy nomli madaniyat va istirohat bog‘larida, shuningdek “Ahorun” davlat madaniyat va aholi dam olish muassasasida rang-barang madaniy dasturlar bo‘lib o‘tmoqda, – deb yozdi “Xovar” muxbiri. – Ayyom munosabati bilan san’atkorlar ishtirokida badiiy tomoshalar namoyish etilib, tumanlar aholisi ham ushbu sanani alohida ommaviy bayram sifatida nishonlamoqda.

– Ajdodlarimizning xalqaro miqyosda tan olingan Navro‘zi bilan faxrlanishimiz, bu qadriyatni e’zozlashimiz lozim, – dedi jumladan Prezident Emomali Rahmon xalqiga yo‘llagan tabrigida. – Urf-odat va marosimlarni asrab-avaylash, qadim xalqona bayramlarni munosib nishonlashga har bir vatanparvar, halol inson hissa qo‘shishi kerak.
Qozog‘iston
Navro‘z bayrami munosabati bilan e’lon qilingan o‘n kunlik doirasida Olmaotada 100 dan ortiq turli tadbir o‘tkazilmoqda, deya xabar bergan “Kazinform” muxbiri.
Bu yil shaharning Navro‘z bayrami ommaviy tantana, sport musobaqalari, yarmarka va boshqa turli tadbirlar ko‘rinishida Ko‘kto‘be bog‘i, Abay maydoni, Panfilov piyodalar ko‘chasi, Arbat va Ostona maydoni kabi bir necha mashhur manzillarda bo‘lib o‘tmoqda.
Masalan, Arbatda tashkilotchilar barchani etnik uslubda Milliy liboslar kunini qo‘llab-quvvatlash va “Nauryz Fashion Day” ishtirokchisi bo‘lishga chorladi.
Ostona maydonida “Olmaota – Navro‘z quchog‘ida” nomli asosiy konsert tashkil qilingan. Ikki kunlik “Julduzli Almati” kechki festivali ham shu manzilda o‘tadi.
21-25 mart kunlari Abay maydonida madaniy meros va zamonaviy texnologiyani uyg‘unlashtirgan Navro‘z festivali davom etadi.
Olmaota Sayohat uyida mehmonlar virtual tarzda shaharning diqqatga sazovor joylarini tomosha qilishi mumkin. Art-ob’ektlar orasida Abay Qo‘nanboy o‘g‘li tavalludining 180 yilligiga bag‘ishlangan instalyatsiya ham bor.
Piyodalarning sevimli ko‘chasi – Panfilovdan Kabanboy botir va To‘labiy ko‘chalarigacha zamonaviy texnologiya maydoniga aylantirildi. Tashrif buyuruvchilar multimedia vositasi yordamida o‘zlarini an’anaviy kiyimda ko‘rishi, raqamli favvorada tabrik qoldirishi, antik davrga sayohat uyushtirishi, kamondan otish musobaqasi va virtual jang orqali Navro‘z tarixiga sho‘ng‘ishi mumkin.
Maydon markazidagi kinetik tunnelda milliy naqsh jonlanib, sizning harakatingizni takrorlaydi. Gastronomik hududda robot ofitsiantlar va oshpazlar mehmonlarni hayratga soladi. “Oy-Duman” intellektual o‘yini esa yoshlarning Navro‘z haqidagi bilimini sinovdan o‘tkazadi. “Kosmik yurt” nomli qayta ishlangan materiallardan tayyorlangan badiiy instalyatsiya va muhandislar boshqaruvidagi robototexnika chodiri o‘ziga xos muhitni yanada boyitadi.
Sayl doirasida uyushtirilgan kitob bayramida ishtirokchilar mashhur yozuvchi va shoirlar bilan uchrashadi.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA