Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qardosh, qondosh adabiyotning jonkuyar targ‘ibotchisi
17:24 / 2025-06-11

Mamlakatimiz va qardosh xalqlar adabiyoti vakillari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Nosir Fozilovni dangal, rost so‘zni aytuvchi, yosh qalamkashlardan mehri va e’tiborini ayamaydigan, samimiy, dilkash, odamgarchiligi butun ijodkor sifatida doim hurmat bilan yodga oladi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Nosir Fozilov ijodiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy anjuman hamda adibning “Topdimu yo‘qotmadim” nomli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.  

Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, taniqli shoir va jurnalist Minhojiddin Mirzo bugun mamlakatimizda barcha jabhalarda bo‘lgani kabi ma’naviy-ma’rifiy sohalar rivojiga ko‘rsatilayotgan e’tibor yorqin natijalarni namoyon etayotganini e’tirof etdi.  

– Adabiyot, kitobxonlik rivoji  davlatimiz rahbarining g‘amxo‘rligida bo‘lib turgan bir davrda ustoz ijodkorlarning xotirasiga hurmat va ehtirom ko‘rsatish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda, – dedi uyushma raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo. – Bugun erta tongdan bir qator ustoz ijodkorlar qatorida  Nosir aka Fozilov mangu qo‘nim topgan maskanni ziyorat qilib, adibning xotirasini yodga oldik. Nosir aka ota, ustoz sifatida qanchalik ko‘p ishlar qilgan bo‘lmasin, lekin uning eng katta xizmatlari o‘zbek, qozoq, qirg‘iz adabiyotlari o‘rtasidagi hamjihatlik, hamkorlik rishtalarini mustahkamlashda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ulug‘ shoir Rasul Hamzatov “Yozuvchi xalqdan  ilhom olib, bu merosni yanada boyitib,  o‘z asarlari orqali yana xalqqa qaytaradi” degan edi. Shu ma’noda Nosir Fozilov xalqqa olganidan ham ko‘ra ko‘proq qaytargan zahmatkash va fidoyi, xalqparvar, samimiy ijodkor edi. Uning “Topdimu yo‘qotmadim” nomli kitobi yoshlarimiz uchun adabiyot, ma’naviyat va kamolot, odob-axloq darsligi bo‘lib xizmat qilishi aniq. 

–   Biz Alisher Navoiydan boshlab, G‘afur G‘ulom, Oybek va boshqa ko‘plab zabardast o‘zbek ijodkorlarining asarlarini o‘zbek tilida mutolaa etib, kamolga yetdik, – dedi Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari Qulbek Ergobek. – Darhaqiqat, qardosh xalqlar o‘rtasidagi adabiy-ma’rifiy aloqalarni yanada mustahkamlash va rivojlantirishda Nosir Fozilovdek zahmatkash ijodkorlarning hissasi, mehnatlari g‘oyat ulkandir. Turkistonda Nosir Fozilov tahsil olgan maktabga uning nomi berilmoqda. Chimkentda fayzli bir ko‘chani uning nomi bilan atash ko‘zda tutilmoqda. Nazarimda, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz adabiyotlarini ayrim-ayrim, deb emas, yaxlit adabiyot deb atasak, bu  bizning yutug‘imizdir.  

– Ijodkorning shaxsiyati uning ijodi mohiyatini belgilaydi, – dedi taniqli adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev. – Nosir aka chaqmoqdek tez va teran fikrlay olardi. Uning gaplarida asal ham, qalampir ham bo‘lardi. Juda topqir ijodkor edi. Buning uchun esa odamning fikri erkin, o‘z so‘ziga javob bera olish salohiyati bo‘lishi kerak, albatta. Nosir aka ana shunday qobiliyat sohibi edilar. Ikki adabiyotni mudom bog‘lab turuvchi ko‘prik edi.  

– Nosir Fozilov qardosh adabiyotda kechayotgan jarayonlardan juda yaxshi xabardor ijodkor edilar, – dedi taniqli  adib, ustoz jurnalist, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Ahmadjon Meliboyev. – U kim nima yozayotganidan doim xabardor, hozirjavob, fikrini to‘ppa-to‘g‘ri aytardi.  Yomon asarni yomonligini ham dangal aytadigan ijodkor edi. Bugun dunyo mamlakatlari o‘rtasida bir-birini tushunmaslikdek ko‘ngilsiz holat ko‘zga tashlanayotgan bir paytda turkiy davlatlar, shu jumladan, qardosh xalqlar adabiyot ahlining o‘zaro hamjihatligi kuchayib borayotgani diqqatga sazovordir. Zero, Nosir Fozilov ham adabiy hamkorlik, hamjihatlikka o‘zining zahmatli mehnatlari, badiiy barkamol tarjimalari, betinim, fidokorona sa’y-harakatlari bilan munosib hissa qo‘shgan ijodkor edi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, Nosir Fozilov 1929 yil 1 iyunda Qozog‘iston Respublikasining Turkiston tumanida tug‘ilgan. 1954 yilda O‘rta Osiyo Davlat universiteti –  hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini tugatgan. Birinchi to‘plami  «Irmoq» nomi bilan 1959 yilda nashr etilgan. Keyinchalik  «Oqim» (1962), «Robinzonlar» (1964), «Qush kanoti bilan» (1965), «Qorxat» (1968), «Ko‘klam qissalari» (1970), «Diydor» (1979), «Tanlangan asarlar», 2 jildli (1983— 84),

«Bolaligim – poshsholigim» (1989), «Bir otar to‘pponcha» (1995), «Shum bolaning nabiralari» (1995), «Toshkentning nosi» (1996), «Munavvar lahzalar» (1997), «Eslasang, ko‘ngling yorishur» (2004) va boshqa asarlari chop etilgan.  Adib 1990 yilda   “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi”  unvoniga munosib topilgan.

Ustoz Nosir Fozilov qoraqalpoq va qozoq yozuvchilarining asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. U qozoq adabiyotidan qilgan tarjimalari uchun 1986 yilda Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasining Bayimbet Maylin nomidagi mukofotiga sazovor bo‘lgan.  Nosir Fozilov 1991 yilda Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan.  1999 yilda  «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan.  

Adibning “Topdimu yo‘qotmadim” nomli asari 2010 yilda nashr etilgan bo‘lib, uni Nosir aka o‘z ustozi Said Ahmadning “Topganlarim va yo‘qotganlarim” kitobiga javob tariqasida yaratgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Nosir Fozilov ushbu kitobda oltmishga yaqin adabiyot namoyandalari haqidagi xotiralar, yorqin va ibratli voqealarni g‘oyat hayotiy va ta’sirchan tarzda bayon etgani sababli u yurtimiz kitobxonlarida katta qiziqish uyg‘otgan edi. Ushbu kitobning joriy yildagi nashri esa uning qayta ishlangan va yanada to‘ldirilgan variantidir.

–  Dadajonimizni xotirlab ana shunday anjumanlar, kitoblarining taqdimoti o‘tkazilayotganidan behad  xursandmiz, – dedi adibning qizi Mahbuba Fozilova. – Dadam Muborak ayajonim bilan  juda ibratli  umr kechirdilar. Har sohada intizom,  tartibni yaxshi ko‘rardilar. Dadajonim juda mehmonnavoz, odamlardan yaxshilikni ayamaydigan inson edilar. Ularning xotiralarini e’zozlash borasidagi shunday e’tibor uchun oilamiz nomidan minnatdorlik bildiraman. 

Adabiy anjumanda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari Qulbek Ergobek,  adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, filologiya fanlari doktori, olim Adhambek Alimbekov, “Shuhrat” medali sohibi Abdunabi Boyqo‘ziyev, “Til va adabiyot” jurnali bosh muharriri Farrux Jabborov va boshqalar Nosir Fozilov ijodi, uning ibratli faoliyati, ezgu fazilatlari  xususida batafsil  so‘zladi.

Darhaqiqat, milliy adabiyotimiz, undagi ma’naviy muhit, ijodkorlar haqidagi yorqin va hayotiy xotiralarga boy bo‘lgan “Topdimu yo‘qotmadim” kitobi so‘z san’ati muxlislari uchun chin ma’nodagi  qimmatli tuhfa bo‘ldi.  

Nazokat Usmonova, Ahmadjon To‘rayev (surat), O‘zA