Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida joylashgan 53-umumta’lim maktabi delegatsiyasi ushbu mamlakatning Fan va ta’lim vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan OSEP loyihasi doirasida yurtimizga tashrif buyurdi.
O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi va Toshkentdagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon madaniyat markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan mazkur safar davomida maktab direktori Tunzala Zeynalova rahbarligidagi o‘qituvchi hamda o‘quvchilardan iborat jamoa, shuningdek MOQ Xalqaro dasturlar bo‘limi maslahatchisi Jayhun Rahmonov, loyiha muvofiqlashtiruvchisi Namig‘ Jafarovlar dastlab Markaz bilan yaqindan tanishdi.
Mehmonlar markaz hovlisidagi Umummilliy yetakchi Haydar Aliyev byusti va hududda tashkil etilgan Shahidlar xotira majmuasini ziyorat qilishdi.
Delegatsiyani qabul qilgan Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori Samir Abbosov Ozarbayjon–O‘zbekiston do‘stlik aloqalari, markazning o‘zaro madaniy munosabatni rivojlantirish yo‘lidagi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ma’lumki, bu yil Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligi nishonlanmoqda. Delegatsiya shu munosabat bilan ochilgan Ozarbayjon–O‘zbekiston do‘stligiga bag‘ishlangan hamda Haydar Aliyev hayoti va faoliyati, shuningdek ushbu mamlakat tarixi va an’analari haqida hikoya qiluvchi muzeylar bilan ham tanishdi.
T.Zeynalova ramziy ma’noda markazga yubileyi nishonlanayotgan Haydar Aliyev timsoli tushirilgan gilam-portret sovg‘a qildi. Markaz direktori S.Abbosov esa 53-maktabda tashkil etilgan O‘zbekiston burchagiga XIX asrda yashagan atoqli ozarbayjon shoiri Xurshidbonu Notavon she’rlarining o‘zbek tilidagi nashrini tuhfa qildi.
So‘ngra anjumanlar zalida bokulik iqtidorli o‘quvchilar tayyorlagan badiiy dastur namoyish etildi. Beg‘ubor bolalar milliy raqslarni mahorat bilan ijro etishdi. Fortepianoda ikki davlat madhiyasi, taniqli bastakorlar asarlari yangradi.
Tadbirda qardosh xalqlarimizni birlashtirgan an’ana va qadriyatlar, umumiy madaniyat haqida so‘z yuritildi, kelgusida hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha fikr, takliflar bilan o‘rtoqlashildi.
Safar doirasida 53-maktab jamoasi Toshkent shahridagi Prezident maktabi hamda Al-Beruniy xalqaro maktabida ham bo‘lib, yaratilgan imkoniyat, to‘plangan ilg‘or tajriba bilan tanishdi.
G‘. Xonnazarov, O‘zA