Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qardosh adiblarni yod etib...
15:57 / 2022-09-30

Ulug‘ ma’rifatparvar shoir, xalqlar do‘stligi mavzusi otashin kuychisi, buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyevning takrorlanmas va boy ijodiy merosi nafaqat qozoq eli, balki butun turkiylar, jumladan, o‘zbek xalqining ham ma’naviy boyligiga aylangan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston qozoq milliy markazi tomonidan mazkur adib tavalludining 177 yilligiga bag‘ishlab tashkil qilingan “Qardosh adiblarni yod etib...” nomli ijodiy uchrashuvda shoirning ijodi, ibratli hayot yo‘li haqida batafsil so‘z yuritildi.

Azaldan yaqin do‘st, birodar o‘zbek va qozoq xalqlari yaxshi qo‘shnichilik, quda-andachilik, qarindoshlik rishtalari bilan mustahkam bog‘langan. Birgalikda jahon va ikki yurt adabiyoti yetuk namoyandalari yubileylari, tavallud sanalari muntazam nishonlanishi ham ijodiy hamkorlikning yorqin namunasi.

Ijodiy kechada Abay Qo‘nonboyev o‘zbek va qozoq xalqlari adabiy aloqalarini mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shgani alohida qayd etildi.

Tadbirda har ikki millat ilm-fan, adabiyot sohasining yetuk namoyandalariga ehtirom ko‘rsatib kelayotgani ta’kidlandi. Xususan, Prezidentimizning “Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturdir.

Anjuman davomida abayshunos shoir, yozuvchilar tomonidan Abay butun turkiy olamda falsafiy fikrlar taraqqiyotiga salmoqli ulush qo‘shgani, mavjud hayotni san’atkorona badiiy aks ettira olgan ulug‘ mutafakkir ekani e’tirof qilindi.

- Mamlakatimizda 370 ta qozoq tili yo‘nalishidagi maktab faoliyat olib boradi, - dedi O‘zbekiston qozoq milliy madaniy markazi raisi Serikbay Usenov. - Bu ilm maskanlarida har yili Abayning tavallud kuni munosabati bilan turli tadbirlar uyushtiriladi. Markazimiz tashabbusi bilan adibning bir necha kitobi o‘zbek tiliga o‘girilgan. Jumladan, Abdulla Rustamov tarjimasi bilan “Abay abadiy” nomli kitob nashr etildi. Bu asar yurtimizdagi ko‘plab oliygohlarga tarqatildi. Shuningdek, o‘tgan yili Alisher Navoiyning 580 yilligi munosabati bilan “Farhod va Shirin” qozoq tiliga tarjima qilindi.

Markaz huzuridagi ijodiy jamoalar tomonidan xalqlarimiz abadiy do‘stligini tarannum etuvchi qo‘y-qo‘shiqlar, raqslar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA