French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qardosh adiblarni yod etib
22:01 / 2022-06-24

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida “Qardosh adiblarni yod etib” mavzusida turli xalq yozuvchi va shoirlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston turk milliy madaniy markazi hamda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi tomonidan tashkil etildi. Mazkur uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad yoshlarni qardosh xalqlar adabiyoti bilan yaqindan tanishtirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlashdan iborat.

Bunday tadbirlar davlatimiz tomonidan barcha millatlar ravnaqi, millatlararo munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirish uchun teng sharoit va imkoniyatlar yaratishga qaratilgan milliy siyosatning namunasi ekanligi qayd etildi.

Ijodiy uchrashuvlar turli xalqlarning madaniyati, turmush tarzi va qalb go‘zalligi haqida yaxlit tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Shu ma’noda bu kabi madaniy tadbirlar milliy an’analarni asrab-avaylash va rivojlantirish, adiblar merosini kelajak avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ijodiy uchrashuvda O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning turk tiliga tarjima qilingan “Saylanma she’rlari” kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning betakror asarlarini boshqa tillarga, xususan sharq tillariga tarjima qilish va uning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

– Prezidentimizning 2020-yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida shoirning she’rlarini bir nechta sharq tillariga tarjima qilishga kirishdik, – deydi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Tarjimashunoslik va xalqaro jurnalistika kafedrasi dotsenti Xayrullo Hamidov.  – Natijada bir yilga yaqin vaqt oralig‘ida shoirning ellikdan ortiq eng sara ijod namunalarini turk tiliga tarjima qilishga muyassar bo‘ldik. Tarjima qilish ishlari ustoz-shogird an’anasiga muvofiq olib borildi. Ya’ni, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining professor ustozlari va magistr talabalar bilan hamkorlikda tarjima qilindi. Kitobda o‘tgan asrning 60 yillaridan boshlab to Abdulla Oripov umrining so‘ngigacha yozilgan Vatanga, onaga bo‘lgan cheksiz muhabbat tarannum etilgan ijod namunalari jamlandi. Jumladan, “O‘zbekiston”, “Ona”, “Ayol”, “Birinchi muhabbatim”, “Sen bahorni sog‘inmadingmi?” kabi ajoyib she’rlari turk tiliga tarjima qilindi. Bu kitobga ko‘plab she’riyat muxlislari, ayniqsa, turk xalqi tomonidan katta qiziqish bildirilyapti.

Tadbirda “O‘zbek adabiyoti turk tilida”, “Saylanma she’rlari” kitobining turk tiliga tarjimasi”, “Abdulla Oripov ijodining qardosh xalqlar adabiyotida o‘rganilishi masalasi”, “Abdulla Oripov she’rlarida do‘stlik tarannumi” mavzularida ma’ruzalar tinglandi. Qo‘mita foyesida turk millat vakillarining tasviriy san’at va hunarmandchilik buyumlari hamda milliy taomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Ijodiy kechada yoshlar o‘rtasida turk tilida mushoira o‘tkazildi. O‘zbekiston turk milliy madaniy markazi qoshidagi “Gunesh”, “Raqs”, “Orzu” ansambllari ijrosidagi konsert dasturi tadbirga bayramona kayfiyat baxsh etdi.

G.Sattorova, O‘zA