Oqoltin tumanidagi “Obod”, “Bo‘ston” va “Navoiy” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidan o‘tuvchi 6 kilometrdan ortiq uzunlikdagi sug‘orish tarmog‘i “Kambag‘allikdan farovonlik sari” davlat dasturi doirasida tubdan qayta tiklanmoqda.
Ushbu loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar suv ta’minoti yo‘qligi tufayli bo‘sh turgan yer maydonlarini sug‘orish imkonini yaratib, hosildorlikni 1,5-2 barobarga oshirish, bozorbop va raqobatbardosh qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga turtki bo‘ladi. Loyiha uchun respublika byudjetidan 3,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan.
Hozirgi paytda yangi sug‘orish tarmoqlarini tortish, suv yetib bormayotgan hududlarga oqar suvni yetkazib berish ishlari jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda.

– Sug‘orish tizimining qayta tiklanishi mahallamiz uchun katta yordam bo‘ldi. Endi suv yetishmasligi tufayli bo‘sh turgan maydonlar ham iqtisodiy aylanmaga kiritiladi. Bu har bir oila uchun qo‘shimcha daromad manbai bo‘lib, aholining turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi, – deydi “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Otabek Esonov.
Yangi tizim aholini oqar suv bilan ta’minlash orqali nafaqat bugungi kun muammolarini bartaraf etishga, balki kelgusida qishloq xo‘jaligi rivoji va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi. Endi aholi tomorqalaridan yiliga faqat bir marta emas, kamida ikki-uch marotaba hosil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda aholining iqtisodiy faolligini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

–Sayxunobod va Uychi tumanlarida tomorqachilik rivojlanmoqda deb televizorda ko‘p ko‘ramiz, internetda ham o‘qiymiz. Rosti, havas qilardik. Ammo bizdagi suv tanqisligi tufayli ko‘p yillardan buyon bu ishlarni amalga oshira olmasdik. Endi esa shu muammolar ortda qolmoqda. Yiliga ikki marta bo‘lsa ham shu vaqtgacha foydalanilmay kelayotgan yerlardan hosil olish niyatimiz bor, – deydi Obod mahallasi fuqarosi A’zamjon ota Hakimov.
Loyiha doirasidagi ishlar o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun "Abror" melioratsiya tizimi" MCHJga qarashli buldozer, ekskavator, “MAN” va “KamAZ” rusumidagi maxsus texnikalar, shuningdek, 100 nafarga yaqin ishchi-xodim safarbar qilingan. Ular tomonidan yer tekislash va lotoklarni o‘rnatish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri