English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qanqa yodgorligidan V-VII asrlarga oid devoriy sur’atlar topildi
10:42 / 2023-11-01

Respublikamizning ko‘pgina hududlarida tarixiy yodgorliklarni o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda.

O‘rganilgan ob’ektlarning “Ochiq osmon ostidagi muzey”ga aylantirilishi yangi turizm marshrutini yaratishga xizmat qiladi. Misol sifatida Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi Qanqa yodgorligini ko‘rsatib o‘tish mumkin. Ushbu yodgorlik Toshkent shahrining eng yirik va qadimiy poytaxt shaharlaridan bo‘lib, XI-XII-asrlarga qadar Buyuk ipak yo‘lidagi savdo aloqalarida eng muhim shahar sifatida tilga olingan. Xitoy, fors, Yevropa manbalarida tilga olingan bunday yirik shahar o‘rganilishi boshlangan.

Toshkentdan 70 km janubi-g‘arbda, Oqqo‘rg‘on tumani hududidagi Qadimgi Qanqa shahri yodgorliklari eramizdan oldingi IV – III asrlarga oid bo‘lib, XII asrgacha Toshkent vohasi hayotida muhim o‘rin tutadi. Shu sababli, Qanqa shahri Chochning eng qadimgi poytaxti deb qaraladi.

Milliy arxeologiya markazi katta ilmiy xodimlari Sur’at Kubayev, Gennadiy Bogomolov hamda markaz tayanch doktoranti Doston Badriddinovlar ushbu yodgorlikda o‘rganish olib borishdi.

Qazishmalar davomida o‘rta asr qurilishlari ostida ibodatxonaga tegishli bo‘lgan ulkan inshoot qoldiqlari ochildi. Inshoot devorlari yonidan V-VII asrlarga tegishli devoriy rasmlar bo‘laklari topildi. Devor rasmlarida qizil va qora ranglar ishlatilgan.

Ulkan inshootning katta o‘lchamlari ilk o‘rta asrlarga tegishli ibodatxonaning sharqiy old qismida ulkan zal bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Zal ichki qismidan devor rasmi parchalarining topilishi, uning hashamatli diniy marosimlar o‘tkazishga mo‘ljallanganini tasdiqlaydi.

Shunday qilib, yunon-rim, xitoy va arab manbalarida tilga olingan Marakaziy Osiyoning sanoqli shaharlardan biri bo‘lgan Qanqa yodgorligidagi keng ko‘lamdagi tadqiqotlar yurtimiz tarixi haqida yanada ko‘proq ma’lumotlar berishi bilan birga, Toshkent vohasi hududida yangi turistik marshrutni yaratishga ham imkon beradi.

Nigora Rahmonova, O‘zA