Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Qanot” loyihasi doirasida yana bir kitob taqdimoti o‘tkazildi
10:55 / 2025-12-18

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira va olima Sitorabonu Hoshim qizi qalamiga mansub “Hur” nomli kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

“Qanot” loyihasi doirasida “Yangi kitob” nashriyoti tomonidan chop etilgan ushbu kitob taqdimotiga shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, talaba-yoshlar, adabiyot muxlislari taklif etildi.

Atoqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Olimjon Davlatov, Xalqaro Nordik universiteti prorektori Sherzod Mustafoqulov va boshqalar “Qanot” loyihasi iste’dodli yoshlarning ijod namunalarini xalqimizga yaqindan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini e’tirof etdi.

–Sitorabonu turli ijodiy tashabbuslarni yuzaga chiqarishda faollik ko‘rsatib kelayotgan ijodkorlardan, – dedi navoiyshunos olim Olimjon Davlatov. – Uning she’riyatida ijodiy salohiyati va ma’naviy jasorati ko‘zga tashlanadi. Adabiyot uchun erkin imkon berilgan bugungi kunda Sitorabonu ana shu imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan tashabbuskor yoshlarimizdan sanaladi. Shuni aytish kerakki, bugungi milliy she’riyatimizda ayol shoiralar ancha faolroq ijod qilayapti. Yana bir jixati, otalar mavzusini o‘zbek she’riyatida aynan shoiralarimiz teranroq ochib bermoqda. Bu Sitorabonuning she’rlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Uning she’riyatidagi har bir obraz o‘z xarakteriga ega ekani ahamiyatga molik.  

– Sitorabonu ilm va adabiyotni hamohanglikda va samarali olib borayotgan iqtidor sohibalaridan sanaladi, – dedi Xalqaro Nordik  universiteti prorektori Sherzod Mustafoqulov. – Chindan ham “Qanot” loyihasi yosh ijodkorlarga qanot bag‘ishlamoqda. Sitorabonuning ushbu kitobi ham adabiyot muxlislarining qalbiga nur olib kirishiga ishonamiz.  

Aytish kerakki, ushbu kitobdan 200 ga yaqin she’r, g‘azal, muxammas, murabba o‘rin olgan. Kitob shartli tarzda beshta bo‘limga ajratilgan bo‘lib, ularning har birida muayyan mavzuga mos she’rlar jamlangan.  

Muallifning “Yolg‘izlikning surati”, “Baxtli ayol”, “Kuchli ayol”, “Yonayotgan ayollar”, “Men To‘maris edim”, “Girya”, “Tirikchilik” kabi she’rlari oddiy o‘zbek ayolining qismatidagi murakkab kurash lahzalari, adolatsizliklarga nisbatan inkorlar, or-nomus va sha’nning bo‘linmas tamoyillari, ayolning ijtimoiy hayotdagi roli haqidagi fikrlar juda ta’sirchan va ravon tarzda ifodalangan.  

Hozirga qadar shoiraning “Yalpizlarga oshiq qiz”, “Iqrorman” nomli kitoblari chop etilgan. She’rlari turk va ingliz tillariga tarjima qilinib, respublika va xalqaro darajadagi almanax va bayozlarga kiritilgan.

Nazokat Usmonova,

O‘zA muxbiri